Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil" iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining birinchi yarim yillikda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.
Fraksiya a’zolari asosiy e’tiborni partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda ekologiya sohasidagi vazifalarning bajarilganlik holatiga qaratdilar.
Qayd etilganidek, 2025 yilning birinchi yarim yilligida suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvor yo‘nalishida qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, irrigatsiya tizimi va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, soha boshqaruviga xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish yo‘nalishida belgilangan reja ko‘rsatkichlariga asosan jami 6 ta ob’ekt avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga o‘tkazildi.
Suv ta’minotini yaxshilash loyihasi doirasida 864 ta mahallada 937 ta quduq, 443 ta nasos, 11 ta meliorativ tik quduq, 15 ta suv inshooti, 438 km bosimli quvur, 2 ming 59 km kanalda betonlash va 199,6 km lotok tarmoqlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Yig‘ilishda yashil hududlarni kengaytirish borasidagi ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik muammolarning salbiy ta’sirini yumshatish borasidagi sa’y-harakatlarga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, “Yashilloyiha” loyihalash instituti tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 115 ming gektar, Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida 15 ming gektar, Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlarida 60 ming gektar, Buxoro viloyatining Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku, Shofirkon, G‘ijduvon, Qorovulbozor tumanlarida 58 ming gektar “yashil qoplama”larni barpo etish uchun yer maydonlari tanlab olinib, “yashil qoplama”larni barpo etish bo‘yicha yo‘l xaritalari ishlab chiqilgani aytib o‘tildi.
Fraksiya a’zolari davlat dasturida ekologiya yo‘nalishida ko‘zda tutilgan ayrim vazifalarning kechikayotgani, ayrimlari boshqa muddatga ko‘chirilgani kabi masalalarni qizg‘in muhokama qildilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_KXXAnwg5vM" title="Davlat dasturi: ekologiya sohasida qanday ishlar bajarildi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Doniyor Yakubov (video), O‘zA