Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat dasturi doirasida milliy filmlar namoyishi
12:04 / 2022-04-28

Ayni kunlarda Kinematografiya agentligi tomonidan mahallalarda milliy filmlar namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida tashkil etilayotir. Ahamiyatlisi, bunday tadbirlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Mahallada duv-duv gap”, “Mahallamizda yangi O‘zbekistonning yangi kinofilmlari” shiori ostida tashkil etilmoqda. 

– Biz yurtimizning chekka mahallalarida, guzarlar, aholi yashash punktlarida milliy filmlarimizning namoyishlarini o‘tkazmoqdamiz. Muxlislar bu filmlarni iliq taassurotlar va katta qiziqishlar bilan kutib olmoqda. Yangi O‘zbekistonda kinematografiya sohasida “mahallabay” tizimining joriy etilganligi va amaldagi targ‘iboti yuksak darajadadir, – dedi Kinematografiya agentligi Samarqand viloyati hududiy bo‘lim boshlig‘i Farmon Roziqov. 

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Jahongir Qosimovning “Ibrat”, Shohrux Rasulovning “Bir kunlik to‘y”, Zilola Jo‘rayevaning “Afv”, Jamilaxon Po‘latovaning “Ayol qalbi”, Ilhom Muhammadibrohimovning “Maktab-hayotim”, Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmlari namoyish etildi. 

Shuningdek, Kinematografiya agentligi hamda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda taniqli kinoijodkorlardan iborat Kinokarvon safarlari viloyatlar bo‘ylab uyushtirildi.  

Kinokarvon safarida ko‘plab taniqli kinoijodkorlar bilan hududlarda ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, jonli muloqotlar tashkil etildi, iqtidorli yoshlar uchun kinorejissyorlar tomonidan kastinglar o‘tkazildi.  

Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi xodimi Barno O‘ngboyevaning ta’kidlashicha, kinokarvon safarlari ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Ayniqsa, “mahallabay” aksiyasi doirasida filmlar namoyishlari, shu bilan birga, “Kinoklub” ixtisoslashtirilgan avtotransportlari orqali chekka hududlarga ham filmlar yetkazib berilyapti. Muhimi, yurtdoshlarimiz ushbu tashabbuslardan juda mamnun. 

Dastur doirasida mahallalarda filmlar namoyishlari hali davom etadi. Shuningdek, Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati”, Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori”, Yolqin To‘ychiyevning “Evrilish” kabi filmlarning katta premeralaridan so‘ng “mahallabay” tizimida milliy namoyishlar o‘tkaziladi.  

Kinematografiya agentligi axborot xizmati 

O‘zA