English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat dasturi: 2021 yil ijtimoiy sohada tub burilish yili bo‘ladi
12:57 / 2021-02-10

Prezidentimiz farmoni bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi yo‘nalishi ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan. Bu yilgi Davlat dasturida ham ijtimoiy yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilishi belgilangan.  

Jumladan, 2021 yilda respublikamizda 5 mingdan ortiq bemorlarni bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olish, xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida 100 ta sun’iy buyrak apparati, 33 ta suv tozalash moslamasi, 44 ta mikser, 665 mingdan ziyod dializator va unga mos ravishda boshqa vositalarni xarid qilish nazarda tutilgan.

Bunday ulkan va xayrli ishlar xastalik bilan og‘rib, ta’bir joiz bo‘lsa qiynalib kelayotgan, moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj bo‘lgan hamyurtlarimizning dardiga darmon bo‘ladi.

Davlat dasturida bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Masalan, 6 ming 500 xotin-qizning kichik tadbirkorlik loyihalariga kredit berish, 1 ming 600 nafar og‘ir turmush sharoitidagi nogironligi bo‘lgan xotin-qizni arzon uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida, uylarning boshlang‘ich badalini to‘lab berish kabi vazifalar belgilangan.  

Endilikda kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar Prezident grantining sohibiga aylanadi. Shu bilan birga, viloyatga borib dars beradigan o‘qituvchilar maoshiga ustama haq to‘lanadi.  

Joriy yildan boshlab olis hududlarda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati telemeditsina tizimi yordamida yanada yaxshilanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi modeli joriy etiladi. Barchaning manfaatlari aks etgan bu o‘zgarish va bugungi kunda aholi hayotida ro‘y berayotgan muhim yangiliklar olib borilayotgan oqilona islohotlar natijasidir.  

Davlat dasturining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi ham salmoqli masalalardan iborat. Yil dasturining bu qismida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, ilm-fanni yanada rivojlantirish hamda aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan 93 ta vazifa qamrab olingan. Yigit-qizlarning tadbirkorlik, kasb-hunar egallashini ta’minlash maqsadida yangi mexanizmlar joriy etilyapti. Bu yoshlarning orzu-umidlari, qarashlari bilan hamohangdir.  

- Prezidentimiz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda biz yoshlarga berilgan va’dalarning barchasi Davlat dasturida o‘z aksini topdi, - deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari Shahnoza Joldasova. – Yurtboshimiz har bitta ota-ona o‘z bolasi uchun qanday qayg‘ursa, men ham shunday qayg‘uraman, dedilar. Davlat dasturida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va bandlik masalalariga katta e’tibor berilmoqda. Ularga ta’lim berish va “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz yoshlarning kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilishi, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida bir nafar tadbirkorga bir nafardan ishsiz yoshlarni biriktirish tashabbusi amalga oshirilmoqda.

Endilikda bepul til o‘rganish elektron platformasi tashkil etiladi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari oliy ta’lim uchun ajratilgan ta’lim kreditlarini olishi va ular o‘qishni bitirgandan so‘nggina ushbu to‘lovni amalga oshirishi talaba yoshlarimiz uchun imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularni kasbga yo‘naltirish bu rivojlanishning muhim formulasidan biridir. Shu bois, Toshkent shahri markazida iqtidorli yoshlarning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirishiga keng sharoit yaratish maqsadida alohida universitet barpo etiladi. Ehtiyojmand oilalar qizlari uchun davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 2 barobarga ko‘paytiriladi.  

Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, keyingi 3 yilda jahondagi 22 foiz ish o‘rni aynan axborot texnologiyalari tarmog‘ida tashkil etiladi. Yil dasturida yosh dasturchilar va yangi avlod kadrlarini tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.