French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat chegarasini qo‘riqlashning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda
17:14 / 2022-09-12

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida bildirilgan fikrlarga to‘xtalib o‘tildi. Davlatimiz rahbarining mazkur maqolasi dunyo tamaddunining bugungi voqeligiga berilgan haqiqiy baho ekanligi ta’kidlandi.

Maqolada qurolli mojarolar oqibatida izdan chiqayotgan savdo va investitsiya oqimlari davlatlar iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir etganligi, buning oqibatida oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash qiyinlashayotgani qayd etilgan.

Shunday so‘ng fraksiya a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini qayta ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, qonunda binolarni turar joy sifatida tasniflash, turar joylar va noturar joylar toifasiga o‘tkazish, uy-joy fondini hisobga olish va turar joylarni fonddan chiqarish, davlat uy-joy nazorati, xususiy uy-joy fondining turar joylaridan foydalanish hamda mulkdorlar huquqlarini himoya qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, hujjatda uy-joy qurish, ko‘p xonadonli uylarni qayta qurish va qayta rejalashtirish, fuqarolarni turar joy bilan ta’minlash, uy-joy kooperativlarini tashkil etish va kooperativ uylardan turar joy olish va ulardan foydalanish bo‘yicha aniq normalar belgilanmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilar ekan, partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar.

Shuningdek, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. 10 ta bob va 72 ta moddadan iborat qonun loyihasida davlat chegarasini o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda, davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishda qurol-yarog‘, harbiy texnika, maxsus vositalar, jismoniy kuch va xizmat hayvonlarini qo‘llash tartibi o‘z aksini topgan. Shuningdek, Davlat chegarasi rejimi, Davlat chegarasi rejimini buzish tushunchalari, uning tasniflanishi va turlari belgilanmoqda.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini ishonchli qo‘riqlash va himoya qilishga, O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarning davlat chegarasidagi vakolatlarini tizimli ravishda belgilab berilishiga hizmat qiladi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar qizg‘in muhokama qilinib, yakunda fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA