Bugun Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi o‘zgarishlar, yangilanishlar va evrilishlar hududlarimiz ravnaqida, aholi farovonligi hamda yurtdoshlarimizning daromadlari ortib borayotganida, iqtisodiyotimiz mustahkamlanib, sohalar izchil rivojlanayotganida o‘z aksini topmoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi o‘sish hamda yuksalishni har bir shahar va qishloq, mahalla va ovullarimiz qiyofasida yaqqol ko‘rish, his etish mumkin.
Ayniqsa, mamlakatimizning so‘nggi sakkiz yildagi ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishi ko‘plab xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan e’tirof etilmoqda. Bu esa xorijiy davlatlar, investorlar va savdo hamkorlarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda. Qisqa muddat ichida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq, yalpi ichki mahsulot hajmi barqaror o‘sdi, aholi turmush tarzi tubdan yaxshilandi. Xususan, 2016 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyodagi 195 ta davlat orasida 71-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2024 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston global reytingda 62-o‘rindan joy oldi.
Shu bilan birga, qisqa fursat ichida mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalari faollashdi, investitsiya muhiti tubdan isloh qilindi, tadbirkor va ishbilarmonlar uchun kafolatli hamda shaffof mexanizmlar yaratildi. Ijtimoiy siyosat va iqtisodiy o‘sish o‘zaro uyg‘un, bir-birini to‘ldiruvchi tizim sifatida shakllantirildi.
Erishilayotgan bunday yutuqlar va samarali natijalar mamlakat moliyaviy strategiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, byudjet islohotlarini maqsadli va natijador tarzda amalga oshirish bilan chambarchas bog‘liq.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mamlakatning bosh moliyaviy hujjati — O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti har yili byudjet mablag‘larining ijtimoiy yo‘naltirilganligini, inson qadrini ulug‘lash va aholining farovon hayotini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini namoyon etadi. Jumladan, davlat byudjeti xarajatlarining 50 foizidan ortig‘i ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalariga yo‘naltirilayotgani Konstitutsiyamizda mustahkamlangan ijtimoiy davlat prinsipining amaliy ifodasi hisoblanadi.
Ushbu an’ana izchil davom ettirilib, 2026 yil uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetida ham aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimi qamrovini kengaytirish hamda sifatli ta’limni ta’minlash kabi ijtimoiy soha ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Kuni kecha Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’qullangan “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun kelgusi yil uchun mamlakatning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlari hamda soliq-byudjet siyosatidagi o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda, konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trillion so‘m, xarajatlari esa 567,6 trillion so‘m etib belgilangan. Bunda byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik rejalashtirilmoqda.
Qonunga muvofiq, 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati 6,6 foizni tashkil etib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 4 ming 26 AQSH dollariga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sanoatda o‘sish 6,4 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,2 foiz, bozor xizmatlarida 14,5 foiz, qurilish sohasida esa 10,2 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Inflyatsiya darajasi esa 7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
2026 yilda Davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trillion so‘mni, daromadlari esa 368,9 trillion so‘mni tashkil etishi rejalashtirilgan. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 78,6 trillion so‘m, xarajatlari esa 74,4 trillion so‘m (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) etib belgilangan.
Byudjet hujjatlaridan ko‘rinishicha, kelgusi yilda ham ijtimoiy soha xarajatlari salmoqli ulushga ega bo‘ladi. Xarajatlarning qariyb 55 foizi, ya’ni 220,1 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Xususan, ta’lim sohasi uchun byudjet xarajatlarining 25,5 foizi yoki 100 trillion so‘m ajratilishi nazarda tutilgan. Sog‘liqni saqlash sohasiga esa 49 trillion so‘m, ya’ni joriy yilga nisbatan 11,4 foizga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, byudjet xarajatlarining 4,2 foizi aholini ijtimoiy himoya qilishga ajratiladi.
Bu chora-tadbirlar davlatimiz rahbari tomonidan islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berilgan ta’lim sifatini oshirish, aholi ehtiyojlari va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy himoya tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, 2026 yilda makroiqtisodiy siyosat sohasidagi ustuvor vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal etish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish, ijtimoiy soha ob’ektlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish va davlat dasturlarida belgilangan muhim tadbirlarni amalga oshirish yurtimiz taraqqiyoti hamda aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois byudjet daromadlarini yanada oshirish choralarini ko‘rish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozim. Davlat byudjeti — bu xalq mablag‘lari. Demak, byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, ajratilgan resurslarni o‘z vaqtida va aniq yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zlashtirishga alohida ahamiyat berish zarur. Bu borada vazirlik va idoralarning mas’uliyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. “Xalq mablag‘lari xalq uchun ishlashi shart” degan tamoyilni hayotga to‘liq tatbiq etish moliya siyosatining asosiy maqsadidir. Shuningdek, “Ochiq byudjet” portali faoliyati byudjet ochiqligi va jamoatchilik nazoratini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. Iqtisodiy islohotlar bosqichma-bosqich, puxta strategik reja asosida amalga oshirilayotgan bugungi kunda byudjet samaradorligi, manzilliligi va maqsadliligini ta’minlash har birimizning burchimizdir.
O‘ktam Sharipov,
Senator