Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjetining 9 oydagi ijrosi muhokama qilindi
18:39 / 2020-12-04

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi va boshqa masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish asosi va tartibga solish predmeti, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishishning umumiy qoidalari belgilanmoqda. Mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida huquqiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan davrda norma ijodkorligi faoliyatiga taalluqli bo‘lgan barcha o‘zgartirishlar, shu jumladan, qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmini qonunchilik darajasida mustahkamlash ta’minlanadi.

Bundan tashqari, majlisda “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va Byudjetnoma muhokama qilinib, Moliya vazirligi vakillarining tegishli axborotlari eshitildi.

Muhokama davomida Qonun loyihasidagi koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish, byudjet mablag‘larini taqsimlash, respublika byudjetidan ob’ektlarni loyihalashtirish va byudjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish masalalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga vakolat berilishining sabablariga izoh berilmaganligi tanqid qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasida mahalliy byudjetning tegishli zaxira jamg‘armalarini shakllantirish nazarda tutilmoqda. Biroq bugun mamlakatimizda markazlashgan moliyaviy boshqaruvdan mahalliy moliyaviy boshqaruvga o‘tilayotgan bir paytda mahalliy byudjetlar zaxira jamg‘armalarining kamayishiga hamda mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara stavkalari oshirilganligiga qo‘mita a’zolari e’tiroz bildirdi.

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama doirasida Davlat byudjeti ijrosini ta’minlashda aholiga ochiq va shaffof ma’lumotlar berib borilishini ta’minlashga qaratilgan Qonunning normasiga to‘liq amal qilinmayotganligi, vazirlik va idoralarning qariyb 55 foiz byudjet ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z veb-saytlarida joylashtirmasligi, jamoatchilik murojaatlari asosida tashkil etilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini ajratish tartibi to‘liq joriy etilmaganligi, mahalliy byudjetdan ajratilgan dori-darmon xarajatlari hududlar bo‘yicha keskin farq qilishi kabi masalalar bo‘yicha qo‘mita a’zolarining haqli e’tirozlari bildirildi.

Qo‘mita majlisi yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA