Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda atroflicha muhokama qilindi.
Majlisda qayd etilganidek, mazkur hujjat mukammal va xalqchil ishlab chiqilgan bo‘lib, u mamlakatni kompleks rivojlanitirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullangandan so‘ng parlament quyi palatasining barcha qo‘mita va fraksiyalarida deyarli har kuni qizg‘in muhokama qilindi. Deputatlar bergan takliflar tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, Davlat byudjetining daromadlari va xarajatlari, mahalliy byudjetlar va Davlat maqsadli jamg‘armalariga oid loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlar va ularni moliyalashtirish manbaalariga oid ma’lumotlar ham chuqur tahlil qilindi.
Yig‘ilishda siyosiy partiyalar fraksiyalarining so‘zga chiqqan vakillari “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan o‘z partiyalari pozitsiyasidan kelib chiqqan holda munosabat bildirib, loyihani qo‘llab-quvvatlash taklifini bildirdilar.
Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi.
Majlisda deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2021 yil 9 oyi yakunlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ham ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Temur Ishmetov Davlat byudjetining 9 oylik yakunlari bo‘yicha ma’ruza qildi.
Taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan byudjet parametrlari doirasida amalga oshirilib, pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan.
Jumladan, joriy yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,9 foizga o‘sgan, inflyatsiya yil boshidan 5,9 foizni tashkil etgan. Davlat byudjeti daromadlari 116 trillion so‘mni tashkil etib, belgilangan prognoz 108,4 foizga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,6 trillion so‘mga ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 130,3 trillion so‘mni tashkil etgan.
Qayd etilganidek, hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 64 trillion 38 milliard so‘m yoki umumiy xarajatlarning 49,2 foizi miqdorida mablag‘ sarflangan. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 12,3 foizni tashkil etgan.
Ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 27 trillion 425,9 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani ta’kidlandi.
Hisobot davrida aholi salomatligini mustahkamlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan 16 trillion 509,8 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltirilgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trillion 871,3 milliard so‘mga ko‘p demakdir.
Ma’lumki, Davlat byudjeti mamlag‘larining to‘g‘ri va maqsadli yo‘naltirilishi hamda oqilona ijro etilishi barcha sohalarda rivojlanishga, o‘sishga xizmat qiladi. Shu bois muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan byudjetni shakllantirish va ijrosini ta’minlashda natijadorlik muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Bu borada moliya hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralarga byudjet mablag‘larining natijadorligiga oid ma’lumotlarni ko‘proq yoritish masalasi qo‘yildi. Byudjetdan ajratilayotgan mablag‘larning samarali hamda maqsadli sarflanishini ta’minlashda mutasaddi vazirliklar va idoralar, hokimliklar mas’uliyatini yanada oshirish, byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Buning uchun parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan keng foydalanish lozimligi aytib o‘tildi.
Davlat byudjetining 2021 yilning to‘qqiz oyidagi ijrosini har tomonlama muhokama qilish chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari ham partiya dasturiy maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, o‘z nuqtai nazari va fikrlarini bayon qildi.
Muhokama davomida bildirilgan fikr va mulohazalar hamda takliflar atroflicha ko‘rib chiqilib, Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2021 yil 9 oyligi bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA