Toshkent shahrida joriy yilning 7-9 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Uzbek Import Fair 2025” I xalqaro ko‘rgazmasida erishilgan natijalar hamda kelishuvlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil qilindi.
Anjumanda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Ibragimov ko‘rgazmaning dastlabki ikki kuni tafsilotlari yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, ko‘rgazmaning dastlabki ikki kunida 37 ta davlatdan 8,2 mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashgan. Ko‘rgazmada nafaqat qo‘shni davlatlar, balki AQSH, Vengriya, Koreya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Slovakiya, Kuvayt, Yaponiya kabi davlatlardan 40 ga yaqin xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Bu esa ko‘rgazmaning nafaqat milliy, balki xalqaro hamkorlik platformasi sifatida ham ahamiyatini oshirdi.
Mamlakatimizda tovarlar importi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Xususan, 2022 yilda 19 foiz, 2023 yilda 31 foiz, 2025 yilning 8 oyida esa 10 foizga oshgan. Import tarkibida asosan texnologik asbob-uskunalar, metall va metall buyumlari, transport vositalari va ehtiyot qismlari, oziq-ovqat mahsulotlari, elektrotexnika, yoqilg‘i-energetika hamda neft mahsulotlari ustunlik qilmoqda.
– Import hajmining oshishi davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlarining salmog‘ini ham oshiradi, – deydi Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhamedov. – 2021 yilda bojxona organlari tomonidan davlat byudjetiga 33,2 trillion so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam salkam 2 barobarga oshib, 63,3 trillion so‘mni tashkil etdi. 2025 yilning 9 oyida esa 54,1 trillion so‘mni tashkil qildi.
Tovarlar importi o‘sishini bojxona to‘lovlari tushumining o‘sishi bilan taqqoslasak, tushumlarning o‘sishini bojxona tizimida raqamlashtirishning keng miqyosda amalga oshirilayotgani, tizimning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldi olinayotgani bilan izohlash mumkin.

Tahlillarga ko‘ra, ayrim tovarlar borki, ularni mamlakatimizda ishlab chiqarishni bemalol yo‘lga qo‘yish yoki mavjud quvvatlarni yanada kengaytirish mumkin. Bu esa import hajmini kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, tadbirkorlarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash maqsadida 2025 yilning 9 oyida 12 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) qatnashchisiga 42,2 trillion so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi. 400 ga yaqin TIF qatnashchisiga 4,1 trillion so‘m bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.

Mazkur imkoniyatlardan foydalanish orqali nafaqat import hajmini qisqartirish, balki yangi texnologiyalarni joriy etish va eksport salohiyatini oshirish mumkin. Shu maqsadda ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarish imkoniyati yuqori bo‘lgan, ammo eng ko‘p import qilinayotgan 3 ming turdagi tovarlar namoyishga qo‘yildi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyat yaratadi.

– Ko‘rgazmaning asosiy vazifasi – importni cheklash emas, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarni importi yuqori bo‘lgan tovarlar haqida aniq ma’lumot bilan ta’minlash, ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish va qo‘li bilan ushlab ko‘rish imkoniyatini berish, – deydi Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i F.Olimjonov. – Ko‘rgazmani samarali va mazmunli o‘tkazish maqsadida mahsulotlar 2 ta pavilonda 24 ta tematik bloklarda namoyishga qo‘yildi. Ular orasida oziq-ovqat, farmatsevtika, transport ehtiyot qismlari, kimyo, mebel, charm, to‘qimachilik sanoati va boshqa yo‘nalishlar mavjud. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun import hajmi yuqori bo‘lgan tovarlarni o‘rganish, ular bilan yaqindan tanishish va ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy xulosalar chiqarish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, ko‘rgazma doirasida importni optimallashtirish masalasi bo‘yicha panel sessiyalar ham o‘tkazildi.

Muhokama jarayonida soha mutaxassislari va ekspertlari, "aql markazlari” va ilmiy qatlam vakillari (olimlar, tadqiqotchilar), shuningdek, faol ishlab chiqaruvchi korxonalar jalb etilib, sanoatning 24 ta sohasida importni optimallashtirish hamda mahalliy sanoatni rivojlantirish yuzasidan hozirga qadar 100 dan ortiq takliflar berildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA