Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjetiga 34,2 milliard so‘m zarar yetkazilishining oldi olindi
20:42 / 2025-08-18

Bojxona qo‘mitasining tezkor tuzilmalari tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash borasida olib borilgan tezkor tadbir natijasida davlat byudjetiga 34,2 milliard so‘m zarar yetkazilishining oldi olindi

Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Andijon, Samarqand, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmalari va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda transchegaraviy jinoiy guruhni fosh qilish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Qirg‘iziston Respublikasi bojxona xizmatidan olingan tezkor ma’lumotga asosan havo yo‘llari orqali “Xitoy-Qirg‘iziston” yo‘nalishida Bishkek shahriga olib kelingan xalqaro kurerlik jo‘natmasida O‘zbekiston Respublikasi aksiz markalarining 2,5 million dona qalbaki nusxalari borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Xitoyda tayyorlangan ushbu soxta markalar dastlab Qirg‘izistonga, so‘ngra O‘zbekistonga olib kirilishi rejalashtirilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirning dastlabki bosqichida Bishkek shahrida aksiz markalarni O‘zbekistonga olib ketish maqsadida qabul qilib olgan qo‘shni mamlakat va O‘zbekiston fuqarolari bojxona xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir mamlakatimiz hududida, ya’ni Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida davom ettirilib, qalbaki aksiz markalarni qabul qilib olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ham qo‘lga olindi. Ushbu fuqaro qalbaki aksiz markalarni Samarqand viloyatida yashovchi fuqaroga yetkazib berishi kerak edi.

Tezkor tadbirning yakuniy bosqichi Samarqand viloyatida o‘tkazilib, nihoyat qalbaki aksiz markalarni qabul qilib oluvchi asosiy shaxs ham qo‘lga olindi. Ushbu fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida esa u yerda O‘zbekiston Respublikasi aksiz markalarining 710 ming dona qalbaki nusxalari borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 3 million 210 ming dona O‘zbekistonda alkogol mahsulotlarini qadoqlash uchun foydalaniladigan qalbaki aksiz markalar aylanmasiga chek qo‘yildi.

Buning natijasida esa davlat byudjetiga 34,2 milliard so‘m zarar yetkazilishining oldi olindi. Shu bilan birga, minglab yurtdoshlarimizning salomatligi asrab qolindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA