Senat qo‘mitalarida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun keng muhokama qilinmoqda.
Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida daromadi qisman oshgan, biroq kambag‘allik chegarasida turgan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “ijtimoiy paket” joriy etish belgilanayotgani ta’kidlandi.
Yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish maqsadlari uchun 85 milliard so‘m yo‘naltirilishi nazarda tutilmoqda.
Davlat teatrlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat buyurtmasini bajarish sharti bilan bosqichma-bosqich loyihaviy moliyalashtirish tizimiga o‘tishi belgilanmoqda.
Yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eng ilg‘or texnologiyalarni olib kelib, 100 ta mahalliy startapni xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantirish uchun 50 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda.
***
Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida 2026 yilda ta’lim va fan sohasi uchun 102,7 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlari uchun 48,9 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Xususan, umumta’lim maktablarini darslik, mashq daftari va o‘quv metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash uchun 2026 yilda qariyb 2 trillion so‘m yoki 2025 yilga nisbatan 53 foizga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.
Qo‘mita majlisida bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Respublika bo‘yicha 4 ming 247 o‘rindan iborat 13 hududiy viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etilgan. O‘tgan yilda respublika bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardan 95,5 foizi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 28,8 foizida turli xil kasalliklar aniqlangan. Ularni sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilgan.
Tibbiyotda uchta bo‘g‘in (birlamchi, ikkilamchi va respublika markazlari) o‘rtasida ma’lumotlar almashish imkonini beruvchi Yagona tibbiyot axborot tizimi joriy qilingan.
Senatorlar bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash hamda sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar dolzarbligicha qolayotganini ta’kidladi. Xususan, aksariyat birlamchi tizim shifoxonalarida bolalar jarrohlik bo‘limlari tashkil etilmagan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining jarrohlik bo‘limlarida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilmagan.
Bolalar statsionar davolanadigan davolash-profilaktika muassasalari hamda maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari tibbiyot xonalarini dori-darmon bilan to‘liq ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan.
Muhokama yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA