Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjetidan ijtimoiy himoyaga ajratilgan mablag‘larning manzilliligi ta’minlanadi
10:54 / 2025-12-25

2025 yil 17 dekabrda “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:   

– Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yilgan. Mazkur konstitutsiyaviy tamoyilni hayotga to‘laqonli tatbiq etish maqsadida aholini ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari yanada kuchaytirilmoqda.

Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashishi uchun qulay sharoitlar yaratish, kasbga o‘rgatish va imtiyozlar berish orqali ularning bandligini ta’minlash hamda moddiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar shular jumlasidandir.

Ushbu sohadagi muhim o‘zgarishlardan yana biri – sohani tartibga soluvchi vakolatli organ, ya’ni Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilgani bo‘ldi. Agentlik tomonidan ushbu sohada salmoqli ishlar amalga oshirilib, qator natijalarga erishilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohani tartibga solish, shu jumladan, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish hamda ularning manzilliligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. 

Bundan tashqari, ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib-taomillarni buzganlik, shuningdek, ijtimoiy himoya organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlikni belgilash zaruriyati yuzaga keldi. 

Mazkur masalalarni hal etish maqsadida qabul qilingan yangi qonun bilan qator qonunlarga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi. 

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda  shaharsozlik hujjatlariga ularda nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha loyihaning alohida bo‘limi (qismi) mavjud bo‘lmagan holda yoki shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq bo‘lmagan ushbu alohida bo‘lim (qism) bo‘yicha ekspert tashkilotlar tomonidan ijobiy xulosa berganlik uchun javobgarlik belgilandi. 

Shaharsozlik hujjatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha loyihaning alohida bo‘limi (qismi)ga amal qilinmagan holda qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi organlari tomonidan ruxsatnoma berganlik uchun ham javobgarlik belgilandi. 

Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlarni ta’minlamaganlik uchun javobgarlik belgilandi. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 198-8-modda bilan to‘ldirilib, unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning tizimidagi idoralar xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, shuningdek, ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutildi. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishda qonunchilik talablarini buzish, vasiylik huquqini suiiste’mol qilish,  nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq litsenziyalash to‘g‘risidagi qonunchilik va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishda ifodalangan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaga o‘tkazildi. 

 “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”, “Bank siri to‘g‘risida”, “Notariat to‘g‘risida”, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”, “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq holatlarda shifokor siri, bank sirini tashkil etadigan, notarial harakatlar, qimmatli qog‘ozlar hamda kredit tarixi to‘g‘risidagi  ma’lumotlarni tegishli so‘rov yoki arizaga asosan berilishini nazarda tutuvchi tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. 

Ijtimoiy himoya yagona reyestriga yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalari uchun endilikda soliq solinmaydi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.  

Qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining turmush darajasi yaxshilanishi, ularga jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlari kengayishiga xizmat qiladi. Ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishda ularga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlarni o‘rganish orqali davlat byudjetidan ijtimoiy himoyaga ajratilgan mablag‘larning manzilliligi ta’minlanadi. 

Eslatib o‘tamiz, qonun 2025 yil 17 dekabrda kuchga kirdi. Faqat qonunning 1, 11-moddalari uch oydan keyin kuchga kiradi. Qonunning 8-moddasi qoidalari 2025 yil 1 yanvardan yuzaga kelgan munosabatlarga ham tatbiq etiladi. 

Norgul Abduraimova,

O‘zA