Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida “2026 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi hamda “Soliq va byudjet siyosatining 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
“2026 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunning maqsadi kelgusi yil uchun mamlakatning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qo‘mita a’zolari kelgusi yil davlat byudjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilganini ta’kidladi. Jumladan, Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi yoki 220 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda.

2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trillion so‘m, xarajatlar esa 567,6 trillion so‘m miqdorida shakllantirilmoqda. Bunda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilmoqda.
2026 yilda soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i 0,95 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz, aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qolayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima miqdori pasaytirilmoqda. Jumladan, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan soliq to‘lovchilarga keyingi hisobotni 5 ish kunigacha kechiktirgan taqdirda ma’muriy jarima qo‘llanilmasligi ham belgilanmoqda.

Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Ushbu qonunlar mamlakatimizning makroiqtisodiy siyosatida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakuni bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA