Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga hamda soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
14:28 / 2020-11-17

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda parlament yuqori palatasining to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

“Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Mazkur hujjat bilan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga hamda Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, qonunga kiritilgan o‘zgartirish bilan, narx-navo oshib ketishining oldini olish maqsadida joriy yilning yakuniga qadar ayrim turdagi aksiz solig‘i stavkalarini o‘zgarishsiz saqlab turish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq yetishtirish uchun foydalanilgan suv hajmlari bo‘yicha soliq stavkalarining belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilishi ham belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Prezidentning farmon va qarorlari bilan iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ko‘rilgan choralar asosida Soliq kodeksiga bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Xususan, qonunchilikda belgilangan alohida soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha imtiyozlar berish hamda soliq stavkalarini o‘zgartirish, to‘lov muddatlarini uzaytirish, soliqlar, penya va jarimalar to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki muddatini uzaytirish, majburiy undirish choralarini to‘xtatib turish kabilar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning to‘qqiz oyi davomida Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti ham muhokama markazida bo‘ldi.

Iqtisodiyot yo‘nalishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentyabrida yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning o‘sishi 0,3-0,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi tegishli farmoniga muvofiq, “temir daftar”ga kiritilgan, muhtoj, nochor va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qurbon hayiti bayrami arafasida 154 milliard so‘m moddiy yordam, avgust oyida 260 milliard so‘m bir martalik moddiy yordam, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalarining 41 mingdan ortiq xodimlariga bir martalik pul mukofotlari uchun 141 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

“Temir daftar”ga kiritilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga, nogiron va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan jami 845 ming nafardan ortiq bolalarining har biriga 500 ming so‘mdan jami 422 milliard so‘m bir martalik yordam to‘lovlari amalga oshirilgan.

Yana bir jihat. Ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 2 trillion 824 milliard so‘m mablag‘, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 1 trillion 211 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA