Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi
09:23 / 2020-11-15

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yil 9 oyi yakunlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot hamda “O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasining dastlabki muhokamasi bo‘ldi.

Moliya vazirligi mutasaddilari tomonidan davlat byudjetining ijrosi parlamentda muhokama etilishi katta ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligi, ushbu jarayonda byudjet mablag‘lari vazirlik va idoralarda hamda hududlarda qanday sarflanayotganini tahlil qilish va mavjud kamchiliklardan kelib chiqib, ularni takrorlamaslik choralarini ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Deputatlar Vazirlar Mahkamasining davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yil 9 oyi yakunlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotida davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining ijrosi, mahalliy byudjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalari ijrosi, davlat moliyaviy nazorati natijalari hamda boshqa zaruriy tegishli ma’lumotlar taqdim etilganligini ma’qulladilar.

Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasining fraksiyalari va qo‘mitalarida ko‘rib chiqish hamda muhokama qilish jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan e’tiroz va takliflar mazkur hisobotda inobatga olingan, shuningdek, hisobotlardagi raqamlarni asoslantirish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilgan. Jumladan, byudjet xarajatlar tizimi, shuningdek, byudjetdan ajratilgan mablag‘larning noqonuniy sarflanish holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, byudjetga boqimanda qarzdorliklar va ortiqcha to‘lovlar to‘g‘risidagi hisobotlar mavjud.

Yig‘ilishda deputatlar xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda, davlat byudjetini shakllantirishda natijaga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish tizimiga o‘tishni jadallashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratishdi.

Qo‘mita yig‘ilishida qonun loyihasining xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lishi va byudjet ma’lumotlarining ochiqligi, shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘larining shakllanishi, sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida alohida ishchi guruhlari tuzildi hamda ommaviy axborot vositalarida keng yoritish bo‘yicha qo‘mitaning media-rejasi tasdiqlandi.

O‘zA