Davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yilning 16 yanvarida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda Hisob palatasiga Davlat byudjeti mablag‘lari ustidan nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator vazifalar yuklatilgan edi.
Ushbu ko‘rsatmalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Hisob palatasi tomonidan Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda 2024 yilda davlat byudjeti mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan ta’sirchan nazorat va monitoring tizimini tashkil etish yuzasidan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda 12 ta vazirlikdan 200 dan ziyod ichki audit xizmatlari va komplayens nazorat bo‘limlari xodimlari, Hisob palatasining auditorlari va akademik doiralar vakillari ishtirok etdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan ikki kunlik o‘quv-amaliy seminarda Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan ta’sirchan nazorat va monitoring tizimini tashkil etish hamda moliyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ichki audit xizmatlarining samaradorligini oshirish masalalari tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar tomonidan vazirliklarda ichki audit faoliyatini tashkil etishda mavjud bo‘lgan qator muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

Seminarda Hisob palatasi, Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati hamda mas’ul xodimlari tomonidan 20 dan ortiq byudjet mablag‘lari ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha tematik va tavsiyaviy taqdimotlar qilindi.
Tadbirda Hisob palatasi tomonidan joriy qilingan “Davlat auditi” dasturiy kompleksining qo‘shimcha funksiyalari, masofaviy auditda zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qo‘llash, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari samaradorligini tahlil qilish yuzasidan ma’lumot berildi.
Shuningdek, Hisob palatasi mas’ullari tomonidan byudjet tizimi byudjetlari mablag‘laridan subsidiyalar ajratilishining maqsadga muvofiqligi, davlat xaridlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi, davlat idoralarida korrupsiyaviy xatti-harakatlarning oldini olish mavzularida taqdimotlar qilindi.
Ichki audit xizmatlari va komplayens nazorat bo‘limlari xodimlariga o‘z faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘zA