Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti mablag‘lari qanday maqsadlarga sarflandi?
18:21 / 2020-11-16

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga o‘sib, bu qishloq xo‘jaligining 3,4 foizga, qurilish ishlarining 8,6 foizga o‘sishi hisobiga erishilgan. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 2,3 foizga o‘sgan holda, umumiy sanoat ishlab chiqarish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga kamaygan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bu haqda ma’lum qilindi.

Davlat byudjetining joriy yil 9 oylik xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 102 trillion 164 milliard so‘mni yoki YAIMga nisbatan 25 foizni tashkil etgan. Byudjet tashkilotlarining qariyb 33,6 trillion so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda 7,1 trillion so‘mlik ish haqiga nisbatan ajratmalari o‘z muddatida to‘liq moliyalashtirilishi ta’minlangan.

Hisobot davrida iqtisodiyotda amalga oshirilgan xarajatlar joriy yilning 9 oyida 12 trillion 593 millard so‘mni tashkil qildi. Bu jami Davlat byudjeti 9 oylik xarajatlarining 12,3 foizini tashkil etdi. Iqtisodiyot xarajatlari asosan suv xo‘jaligi ekspluatatsiyasi, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, tabiatni muhofaza qilish ishlari va umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini rivojlantirishga sarflandi.

Shuningdek, kichik sanoat zonalarining 600 ta muhandislik infratuzilma ob’ektini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun 300 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan Buxoro, Jizzax, Namangandagi mavjud va yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalaridagi 102 ta muhandislik kommunikatsiya ob’ekti bo‘yicha 23,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Joriy yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i 20,5 milliard AQSH dollari ekvivalentini, xususan, davlat tashqi qarzi 18,2 milliard AQSH dollarini, davlat ichki qarzi esa 2,3 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Davlat tashqi qarzi asosan yoqilg‘i-energetika, uy-joy qurilishi va kommunal xizmat ko‘rsatish, byudjetni qo‘llab-quvvatlash, transport va transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash, kimyo sanoati va telekommunikatsiya kabi ijtimoiy hamda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sohalardagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga 1 trillion 211 milliard so‘m, korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion 240 milliard so‘m ajratilgan.

 

Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlari 19 trillion 973 milliard so‘mni tashkil qilib, mahalliy byudjetlar ixtiyorida prognozdan tashqari 2 trillion 191 milliard so‘m mablag‘ qolgan.

Muhokamalarda deputatlar tomonidan byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish va joylarda qonunlar ijrosini to‘liq ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohazalar, takliflar bildirilib, ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Fraksiya yig‘ilishida “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi.

Qonun loyihasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining 2021 yil uchun zaxira jamg‘armalari tegishli byudjetlar umumiy xarajatlarining 1 foizi miqdorida belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, 2021 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlar (qarzlar) hisobidan amalga oshiriladigan hamda Davlat byudjetidan qaytariladigan ijtimoiy va infratuzilma loyihalarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar bo‘yicha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti xarajatlarida aks ettirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Xalq vakillari mazkur hujjat byudjetlararo munosabatlarda ochiqlik va shaffoflikni, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini va byudjetni ishlab chiqishda mustaqilligi, ijrosi jarayonida Oliy Majlis palatalari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari rolini oshirishga xizmat qilishini aytib, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladilar.

Yig‘ilishda “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi muhokamasi ham qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi mamlakatimiz nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga qaratilgan, davlat boshqaruvi ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, joriy yilgi Davlat dasturidagi vazifalarni bajarishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Kun tartibidagi keyingi masala – joriy yilgi Davlat dasturining 190-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tadbirkorlik – bu yuridik shaxslar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholining muayyan ijtimoiy muammolari va ularning oqibatlarini yengillashtirish yoki hal qilishga qaratilgan faoliyatidir. Ushbu qonun loyihasining maqsadi esa ijtimoiy zaif qatlam turmush darajasini yaxshilashdan iborat.

Yakunda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zA