English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti: Ijtimoiy himoya yanada kuchaytirildi
11:58 / 2024-01-06

2024 yil 1 yanvardan kuchga kirgan “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunda nimalar nazarda tutilgan?

– 2024 yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari 312 trillion 921 milliard so‘m miqdorida rejalashtirildi, – dedi Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev. – Shuni alohida qayd etish lozimki, joriy yil byudjetida ham ijtimoiy soha xarajatlari salmoqli ulushni tashkil etadi. Xarajatlarning 48 foizdan ortig‘i yoki 151,5 trillion so‘m ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.  

Bunda inson kapitalini rivojlantirish xarajatlari 104,7 trillion so‘mni yoki byudjet xarajatlarining 33 foizini tashkil etadi. Qonunda xarajatlarni maqsadliligi va samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.  

Mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish maqsadida qonun bilan kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam puli to‘lash, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tizim tashkilotlarini (bolalar va mehribonlik uylari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari) saqlash xarajatlari, Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari hamda Suv omborlaridan foydalanish boshqarmalarini saqlash xarajatlari, mahallalarni nodavlat notijorat tashkilot va byudjetdan mablag‘ oluvchi sifatida saqlash xarajatlari respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.  

2024 yil uchun davlat byudjeti ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan 2 ta qonun va 3 ta kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.  

Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarga Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotganidan keyin hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish to‘g‘risida qo‘shimcha kiritildi. Ushbu normalar 2024 yil 1 iyuldan e’tiboran amalga kiritiladi. Ushbu yig‘imdan tushgan mablag‘lar ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.  

Qonun bilan Soliq kodeksiga ham soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, soliq siyosati bo‘yicha mamlakatimiz hududida tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari bilan bir qatorda chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar ham qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lishi belgilandi.  

Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i zanjirini ta’minlash maqsadida tibbiy va veterinariya xizmatlari, dori-darmon vositalari bo‘yicha belgilangan imtiyozlar bekor qilindi.  

Shu maqsadda suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya jihatdan tozalash, issiqlik ta’minoti bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni realizatsiya qilishga doir aylanmaga, shu jumladan, bunday xizmatlarni uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan aholi nomidan, shuningdek, idoraviy uy-joy fondi uylarida yashayotgan aholi uchun Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyaning bo‘linmalari tomonidan olishga, nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinishi bekor qilindi.  

Shuningdek, tamaki mahsulotlari, alkogol mahsulotlariga hamda neft mahsulotlari va boshqa aksiz to‘lanadigan tovarlar va xizmatlarga doir indeksatsiya qilingan aksiz solig‘ining yangi soliq stavkalari belgilandi.  

Soliqni qat’iy belgilangan miqdorlarda to‘lovchi soliq to‘lovchilar uchun indeksatsiya qilingan soliq stavkalari belgilandi va bu norma 2024 yil 1 fevraldan e’tiboran amalga kiritiladi.  

O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlari bo‘yicha belgilangan soliq imtiyozlari 2028 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.   

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari uchun yer solig‘i stavkalari hududlar kesimida mutloq miqdorlarda belgilandi.  

Og‘ir yuk mashinalari tomonidan respublika va mahalliy darajadagi yo‘llardan foydalanishda ularni yaroqsiz holga keltirish holatlari tufayli yetkazilayotgan zararlarni qoplash maqsadida “Yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi huquqi uchun yig‘im” joriy etildi.  

Ushbu qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kirdi. Qonunning soliq imtiyozlarini maqbullashtirish bilan bog‘liq normalari esa 2024 yil 1 apreldan e’tiboran amalga kiritiladi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA