Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti ijrosida ta’sirchan parlament nazorati
16:42 / 2024-04-17

Davlat byudjeti mablag‘larining to‘g‘ri yo‘naltirilishi hamda samarali foydalanilishi barcha soha va yo‘nalishlarda ko‘zlangan natijalarga erishishda muhim o‘rin tutadi. Bunda esa Davlat byudjeti ijrosi ustidan parlament nazorati instituti samaradorligini oshirish lozim bo‘ladi.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi hamda Davlat byudjeti boshqarmasi tomonidan “Davlat byudjetini qabul qilish hamda uning ijrosini ko‘rib chiqishda deputatlarning huquq va vakolatlarini kengaytirishga doir amaldagi qonunchilikni takomillashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. 

— Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinmoqda, — dedi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Sh.Nazarov. — Bu, o‘z navbatida, byudjet ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini manzilli olib borish, byudjet ma’lumotlarining ochiqligini, shaffofligini ta’minlash, byudjet mablag‘larining shakllanishi, sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazilishi ham quyi palataning ta’sirchan parlament nazoratini yanada kuchaytirgan tarzda tashkil etish imkonini beryapti. 

Tadbirda qayd etilganidek, Davlat byudjetini qabul qilish, uning ijrosini ko‘rib chiqishda byudjet daromadlarini ko‘paytirish, xarajatlarini maqbullashtirish, mavjud zaxira va imkoniyatlardan samarali foydalanish, byudjet intizomini kuchaytirish hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalalari bosh mezon bo‘lishi zarur. Qonunchilik palatasining 2024-yildagi faoliyati asosiy yo‘nalishlarida Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida quyi palata qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining bajarilish holati yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini har chorakda eshitib borishlari belgilab olingan. 

Bundan tashqari, Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasida Soliq, Bojxona qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishi to‘g‘risidagi hisoboti har chorakda eshitib boriladi. 

Davra suhbatida Qonunchilik palatasi tomonidan Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat qilish faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish lozimligi aytildi. Davlat byudjeti loyihasini muhokamadan o‘tkazish va bu borada parlament nazoratini amalga oshirishda deputatlar va Davlat byudjeti boshqarmasining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Shu asosda ta’sirchan parlament nazoratini olib borish bo‘yicha kelishib olindi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA