English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti defitsiti fevralda 7,2 trillion so‘mdan oshgan 
15:00 / 2024-03-04

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, fevral oyida Davlat byudjeti daromadlari 16,9 trillion so‘mni, xarajatlari esa 24,1 trillion so‘mni tashkil etgan. Byudjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq 7,2 trillion so‘mdan oshgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, yanvar oyida Davlat byudjetining xarajatlari daromadlaridan 5,8 trillion so‘mga oshib ketgan edi. Ikki oylik jamlangan defitsit 13 trillion so‘mga yetgan. 

2024-yil Davlat byudjeti 10,3 trillion so‘mlik defitsit bilan tasdiqlangan. Konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti 52,6 trillion so‘m yoki YAIMga nisbatan 4 foiz darajasida chegaralangan. 

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 – 5-fevral kunlari davlat byudjeti daromad va tushumlari 1,7 trillion so‘mni tashkil etgan. Byudjet xarajatlari miqdori esa bundan ancha ko‘p — 9,9 trillion so‘mga yetgan. Ya’ni, besh kunlik byudjet taqchilligi 8,2 trillion so‘mdan ortiqni tashkil etgan. 

O‘zbekistonda oxirgi to‘rt yil davomida byudjet defitsiti belgilangan limitlardan ortiq shakllanib kelmoqda. Xususan, 2023-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan miqdori 3 foiz etib belgilangan bo‘lsa-da, amalda 5,5 foizgacha o‘sgan. 

2024-yil konsolidatsiyalashgan byudjeti 52,6 trillion so‘mlik defitsit bilan qabul qilingan va mamlakat byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizidan oshmasligi belgilangan. 

Byudjet qonuniga ko‘ra, joriy yilda cheklangan davlat tashqi qarzini jalb qilish hajmi 5 milliard dollar bo‘ladi. Shundan 2,5 milliard dollari davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirishga, qolgan 2,5 milliard dollari investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan. 

Sh.Mamaturopova, O‘zA