Soliq organlari tomonidan 2024 yilning ikkinchi choragi davomida daromadlar prognozi ijrosi rejaga nisbatan 101,3 foizga bajarilgan. Xususan, “Mahallabay” ishlash institutining samarali tashkil etilishi natijasida bevosita mahalliy byudjetlar daromadi bo‘lgan mol-mulk solig‘i tushumlari 37,6 foizga, yer solig‘i 31,2 foizga, suv resurslaridan foydalanish uchun soliq 21 foizga, aylanmadan olinadigan soliq 19 foizga va jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq 18 foizga o‘sgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “2024 yil ikkinchi choragida Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishi to‘g‘risida”gi axborotlari eshitildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda tadbirkorlik sub’ektlari bojxona to‘lovlaridan samarali foydalangan. Ularga bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati taqdim qilingan.
Muhokamalarda davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlari auksion savdolarining sust ketayotgani, bu o‘z navbatida, davlat byudjetiga tushumlarning tushishiga salbiy ta’sir etayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Yanvar-iyun oylarida xususiylashtirish dasturlariga muvofiq 5 mingga yaqin aktivlar savdolarga chiqarilib, ularning atigi 1 ming 434 tasi sotilgan.
Qayd etilganidek, Bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga belgilangan bojxona tushumlarining prognoz reja ijrosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan Andijon viloyatida qariyb 5 foizga, Surxondaryo viloyatida 12 foizga, Toshkent viloyatida 9 foizga kam bajarilgan.
M.Komilova,
O‘zA