Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti daromadlari 2023 yilga nisbatan 18,7 trillion so‘mga ko‘p bo‘lgan
11:04 / 2024-09-05

Davlat byudjeti mablag‘larini to‘g‘ri taqsimlash va undan samarali foydalanish barcha soha va tarmoqlar rivoji, aholi farovonligi va osoyishtaligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi muhokama qilinar ekan, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida joriy yilning I yarmida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 567,4 trln. so‘mni tashkil etib, 6,4 foizga oshgani alohida qayd etildi.  

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar natijasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 21,5 minga oshib, 833 mingtaga yetgani e’tirof etildi. Davlat byudjeti daromadlari esa 121,0 trln. so‘mni tashkil etib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 18,7 trln. so‘mga ko‘p bo‘lgani deputatlar tomonidan ijobiy baholandi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davrda sog‘liqni saqlash, ta’lim, inson kapitalini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini uy-joy bilan ta’minlash va atrof-muhitni yaxshilash uchun ajratiladigan davlat xarajatlari miqdori o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada oshgan.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari hisobot davrida ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, ijtimoiy soha xarajatlarining asosiy qismini, ya’ni 50,3 foizini ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va rivojlantirish xarajatlari tashkil qildi. Maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tizimda davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2022 yilda 29 ming 257 tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarim yilligiga kelib 8 ming 247 taga ortib, 37 ming 504 taga yetdi.

2022 yilda respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari soni 10 ming 104 tani tashkil etgan bo‘lsa, olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida bu ko‘rsatkich 56 taga oshib, 10 ming 160 tani tashkil qilmoqda.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari byudjet ijrosi doirasida sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarga e’tibor qaratdi. Qayd etilganidek, sog‘liqni saqlash sohasiga 2024 yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjetidan 16 529,6 mlrd. so‘m yoki 2023 yilning mos davriga nisbatan 996,3 mlrd. so‘mga ko‘p mablag‘lar ajratilgan. Jumladan, bolalarni vaksinatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarga 214,4 mlrd. so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilgan. Onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish xarajatlariga joriy yilning 6 oyi davomida 12,5 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirilgan.

Shuningdek, otorinolaringologiya xizmatini rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun 2024 yil I yarim yilligida 4,1 mlrd. so‘m ajratilgan. Fraksiya a’zolari tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, sog‘liqni saqlash sohasi uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘larning har bir so‘midan maqsadli va samarali foydalanish lozimligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ijtimoiy soha xarajatlari uchun Davlat byudjetidan 74,1 trln. so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 trln. so‘m ko‘p mablag‘ ajratilganiga alohida e’tibor qaratdi.

Davlat byudjetining ijtimoiy yo‘naltirilgani O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga to‘liq mos kelishi, hisobot davrida byudjet xarajatlarining aksariyat qismi partiya dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq masalalar, ya’ni ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga ortgani alohida qayd etildi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar hisobot davrida davlat byudjetidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, chiqindilarni yig‘ish va ularni qayta ishlash tadbirlariga ajratilgan mablag‘larning natijadorligiga alohida e’tibor qaratdi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida ekologiya, atrof muhit muhofazasi hamda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash va unga moslashish borasidagi tadbirlar uchun davlat byudjetidan 2,4 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi aholi punktlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida 220 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» barpo etilgan. Cho‘l va boshqa tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt turlari yetishtirish uchun 318 gektar niholxonalar, 350 gektar ko‘chatxonalar tashkil etilgan. Joriy yil bahor mavsumida esa «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 12,3 mln. tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan.

Muhokamalar davomida aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv tizimlarini yaxshilash tadbirlariga 551,9 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani, 589,2 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilishi natijasida 1,5 mlrd. kub metr suv resurslari iqtisod qilishga erishilgani fraksiya a’zolari tomonidan e’tirof etildi.

Fraksiyalar yig‘ilishlarida Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil olti oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot qizg‘in muhokama qilinib, tegishli taklif-tavsiyalar berildi va deputatlar tomonidan ma’qullandi.

M.Komilova, O‘zA