Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti: 2024 yilda daromadlar va xarajatlar prognozi qanday?
10:23 / 2023-11-23

2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 5,6-5,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Unda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6 foiz, qurilish ishlari – 6,3 foiz, qishloq xo‘jaligi – 4 foiz va bozor xizmatlari – 14,9 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Bu Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.  

O‘zbekiston Respublikasining “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni hamda 2024 yilgi Byudjetnoma senatorlar, ekspertlar hamda tegishli vazirlik va idoralar ishtrokida muhokama etildi.  

Qonunda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini 2024 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz, 2025-2026 yillarda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik ko‘zda tutilmoqda. O‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish, soliq va byudjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish, byudjet ochiqligini ta’minlash hamda byudjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish, “Yashil byudjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish ham nazarda tutilgan.  

Qonunda asosan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarida nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarga erishish inobatga olingan.  

2024 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 375 trillion so‘m miqdorida, xarajatlari esa 427,6 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidatsiyalashgan byudjet 52,6 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.  

Davlat byudjeti daromadlari 270,4 trillion so‘m, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trillion so‘m.  

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,2 trillion so‘m va 85,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.  

Keyingi yilda ham byudjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgani saqlab qolinib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat byudjeti xarajatlarining 50 foizi yoki 151,6 trillion so‘m yo‘naltiriladi.  

Qonun yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillarining axboroti eshitildi. Senatorlar, ekspertlar hamda mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari tomonidan mazkur masala qizg‘in muhokama qilinib, fikr va mulohazalar bildirildi.  

N.Abduraimova,  

O‘zA