English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat byudjeti 2024 yil yarim yillikda qanday ijro qilindi?
19:00 / 2024-09-05

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi.

Mazkur masala yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qildi:

– Dunyoda murakkablashib borayotgan geosiyosiy vaziyatga qaramasdan O‘zbekistonda keng ko‘lamli va izchil islohotlarning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga yo‘l ochib bermoqda. Xususan, 2024 yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 6,4 foizga oshdi. Bunday ijobiy o‘sish sur’atlari iqtisodiyotimizning barcha tarmoq va sohalar rivojlanishida kuzatildi. Ya’ni, bozor xizmatlari 12,9 foizga, sanoat ishlab chiqarish 7,8 foizga, qurilish ishlari 10,1 foizga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 3,8 foizga oshdi. Ayniqsa, asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 229,3 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,6 foizga o‘sganligiga alohida e’tibor qaratildi.

Aholining real daromadlari 8,6 foizga oshib, inflyatsiya darajasidan (5,2 foiz) yuqori bo‘lganligi aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati natijasida hamkor davlatlar iqtisodiy aloqalar yanada mustahkamlanmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 31,8 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 mlrd. dollarga oshganligi bundan dalolat bermoqda.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar natijasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 21,5 mingga oshib, 833 mingtaga yetgan. Shu o‘rinda foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,6 foizga o‘sgan. 28,7 mingta tadbirkorlarga 2,6 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 42,5 ming kishining bandligi ta’minlandi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024 yil birinchi yarim yillikda qo‘shilgan qiymat solig‘idan manfiy farqni qoplash uchun soliq to‘lovchilarga 14,2 trln. so‘m miqdorida, 2023 yilning mos davriga nisbatan 3,4 trln. so‘m ko‘p qo‘shilgan qiymat solig‘i summalari qaytarib berilgan.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida 4 mingga yaqin aholiga ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal, 55 mingdan ziyod fuqarolarning kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish uchun 543 milliard so‘m ajratildi. Ipoteka kreditlari ajratish uchun banklarga 5,3 trillion so‘m miqdordagi resurslar ajratildi.

Muhokamalarda deputatlar ijobiy natijalar bilan birga, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining mablag‘laridan maqsadli foydalanish borasida ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligini aytib o‘tdi. Ayrim vazirlik va idoralar tomonidan davlat byudjeti xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘larning to‘liq o‘zlashtirilmaganligi, mahalliy byudjetlarning daromadlarini shakllantirish, xarajatlardagi mavjud muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Har bir fraksiya rahbari Davlat byudjeti ijrosi bo‘yicha o‘z munosabatini hamda takliflarini bildirdi.

Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA