Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat boshqaruvini optimallashtirish davlat byudjetiga tushadigan yukni yengillashtiradi
17:01 / 2022-10-11

Mamlakatimizda nafaqat soha va tarmoqlar, balki davlat boshqaruvi tizimi izchil isloh qilinmoqda. Xususan, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi yaratilib, faoliyat doirasi kengaytirib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad aholiga ko‘proq qulaylik yaratishdir.

Davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlar joriy etilgani ham fuqarolar manfaatiga xizmat qilmoqda.

Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish ham izchil davom etmoqda. Maqsad sog‘lom raqobat muhitini yaratish orqali samaradorlikni oshirishdir.

Biroq, hali ham davlat idoralari soni ko‘pligi ijro etuvchi hokimiyatni optimallashtirishga imkon bermayapti. Qolaversa, bu boshqaruv tizimida salbiy byurokratik omillar ko‘payishiga, korrupsiya holatlari vujudga kelishiga olib kelmoqda.

Vaholanki, davlatimiz rahbarining 2017 yil 8 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va bo‘linmalarini optimallashtirish masalalari aniq belgilangan.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ijro hokimiyati, uning bo‘linmalarini hamda tuzilmalarini ixchamlashtirish masalalari ilgari surildi.

Hujjatda ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish ko‘rsatilgan. Davlat boshqaruvi tizimida ma’muriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini maqbullashtirish, xususiy sektorga o‘tkaziladigan ayrim davlat funksiyalari sonini uch barobarga oshirish kabi masalalar belgilangan.

Adliya vaziri R.Davletov aynan ushbu masala haqida fikr bildirib, “...bizda juda katta davlat apparati bor va unga ketadigan xarajatlar juda ko‘p. Undan ko‘ra buni iqtisodga yo‘naltirish kerak. Chunki qancha davlat organi ko‘p bo‘lsa, iqtisodiyot rivojlanishi shuncha qiyin kechadi. Tadbirkorlarning ishlashi qiyin bo‘ladi. Davlat organi degani - bu byurokratiya, degani. Bu qo‘shimcha vakolat, qo‘shimcha boshqaruv funksiyasi degani. Shuning uchun bunga barham berish, byurokratiya oqibatida paydo bo‘layotgan korrupsiyani, negativ faktorlarni yo‘qotish kerak”, deb qayd etgan.

Biroq, amalda ijro hokimiyati tizimi ko‘pligicha qolmoqda. Qolaversa, davlat hokimiyati organlarining tez-tez qayta tuzilishi ushbu sohadagi islohotlarga to‘g‘ri kelmaydi.

bugungi kunda 25 vazirlik faoliyat olib bormoqda. Keyingi yillarga nazar soladigan bo‘lsak, mavjud 10 ta vazirlikka 15 tasi qo‘shildi. Jumladan, uchta vazirlik tubdan yangilandi, 12 yangi vazirlik tashkil etildi.

Shuningdek, ijro etuvchi hokimiyat tizimida 34 agentlik, 10 davlat qo‘mitasi, 6 qo‘mita, 15 inspeksiya, 6 markaz, 2 markaziy muassasa va yana xizmat hamda komissiyalar ham mavjud.

2016 yilda 48 ta vazirlik va idoralar faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 100 ga yaqinlashgan hamda vazirlik va idoralar xodimlarining umumiy soni uch baravarga oshgan. Ushbu keng hukumat uchun 2016 yilga nisbatan davlat byudjetidan taxminan to‘rt baravar ortiqcha mablag‘ sarflanmoqda.

Shu o‘rinda chet el tajribasiga qaraydigan bo‘lsak: Avstriya va Yaponiyada 13 vazirlik, Germaniyada 14 vazirlik, Shveysariyada 7 vazirlik, Xitoyda 21 vazirlik faoliyat ko‘rsatadi.

Davlatimizda optimallashtirishda qanday muammolar mavjud? Nima sababdan optimal davlat boshqaruvi tizimini shakllantira olmayapmiz?

Birinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari huquqiy maqomining ayrim holatlarda aniq chegaralab qo‘yilmagani ularning davlat apparatidagi aniq o‘rni va rolini aniqlash imkonini bermayapti.

Ikkinchidan, davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari roli pasayishiga olib kelmoqda.

Uchinchidan, davlat-xususiy sheriklikning sust rivojlangani nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini cheklaydi hamda oqibatda byudjet xarajatlarining kamayishini ta’minlamaydi.

To‘rtinchidan, ayrim rahbarlarda mas’uliyat va tashabbuskorlik yetarli emasligi soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni va maqsadli ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida hamda sifatli hal etishga salbiy ta’sir qilmoqda.

Beshinchidan, ayrim sohalarga bir nechta vazirlik va idoralar mas’ul ekanligi oqibatida takrorlanish holatlariga olib kelib, kadr, moddiy-texnik, moliyaviy resurslarni maqbullashtirish imkonini bermayapti.

Oltinchidan, ijro hokimiyati organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar nisbatan samarali ishlaydigan, ammo eskirgan yoki noto‘g‘ri tuzilgan tashkiliy tuzilmalar tomonidan amalga oshirilishi natijasida belgilangan maqsadlarga erishish va fuqarolarga samarali xizmat ko‘rsatishga to‘sqinlik qilinadigan holatlar juda ko‘p uchramoqda. Bu, o‘z navbatida, tartibga solinmayotgan ijtimoiy munosabatni tartibga solish uchun yangi organ tuzishni taqozo qilmoqda.

Optimallashtirish islohotidagi tub burilish - Prezidentimizning 2022 yil 17 martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bo‘ldi.

Shu asosda Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligiga qo‘shib yuborildi. Natijada tizimda respublika darajasidagi rahbarlar soni ikki barobarga qisqardi. Boshqaruv xodimlari soni 110 taga kamaydi, vazirlik tizimidagi boshqaruv tuzilmalari 666 tadan 222 taga, bir-birini takrorlovchi vazifalar 34 foizga, funksiyalar 46 foizga qisqartirildi.

Natijada 84,5 milliard so‘m iqtisod qilinmoqda. Bundan tashqari, tumandagi davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tuman adliya bo‘limlari bilan birlashtirilib, bitta binoda faoliyat yurituvchi yagona adliya bo‘limlariga aylantirildi. Shuningdek, vazirlik markaziy apparatidagi boshqarmalar soni ham 24 dan 20 taga qisqartirildi.

Bu amaliyotni ta’lim sohasida ham amalga oshirish mumkin. Ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasini yagona vazirlikka birlashtirish maqsadga muvofiq.

Yaponiya davlatida Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiya vazirligi mavjud bo‘lib, ta’limning barcha bosqichini shu bilan birga sport, madaniyat, texnologiya sohasini ham qamrab olgan. Singapurda ham Ta’lim vazirligi ta’limning barcha bosqichini tartibga soladi.

Hududlarni hamda sohalarni rivojlantirish borasida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi deyarli bir xil funksiyalarni bajarayotgani sababli ushbu ikki organdan birini tugatish darkor.

Turizm va madaniy meros vazirligi tugatilib, madaniy meros va turizm bo‘yicha vakolatlarni Madaniyat vazirligiga o‘tkazsa ham bo‘ladi.

Yaponiyada ushbu sohalarni tartibga soluvchi alohida vazirlik tashkil etilmagan bo‘lib, bu sohalarni Ta’lim, madaniyat, sport fan va texnologiya vazirligi hamda Yer, infastruktura, transport va turizm vazirligi tartibga soladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasiga mas’ul bo‘lgan davlat organlari – Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «O‘zbekchorvanasl» agentligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi faoliyati maqbullashtirilib, ularning vazifa va funksiyalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazish mumkin.

Funksiyalarni avtomatlashtirish va xususiylashtirishni kengaytirish orqali optimallashtirish dolzarb masala hisoblanadi. Bu byudjet xarajatlari qisqarishiga ham imkoniyat yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, davlat boshqaruvini optimallashtirish byudjet yukini yengillashtiradi. Ijro organlarning bir qancha funksiyalari avtomatlashtiriladi va xususiy sektorga o‘tkaziladi. Davlat organlari soni, ulardagi xodimlar soni qisqaradi hamda ularning faoliyatidagi samaradorlik oshadi. Mahalliy ijro hokimiyatining faoliyati takomillashadi.

Behruz Asrorov,

Buxoro viloyati adliya boshqarmasi

Jondor tumani adliya bo‘limi mas’ul xodimi.

O‘zA