O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Davlat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini oshirish yo‘llari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda barcha sohada xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, huquq va erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilanganini ta’kidlash lozim.

Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, barcha bo‘g‘indagi har bir davlat organi, tashkiloti va korxonasida, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi, sud tizimida va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda boshqaruv xodimlari orasidagi xotin-qizlarning ulushini 2030 yilga qadar 30 foizga yetkazish yuzasidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mustaqillik yillarida 17 nafar ayol “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi, ularning 7 nafari fan, ta’lim va san’at sohasi vakillaridir. 11 nafar ayol fan sohasidagi eng yuksak darajaga, ya’ni akademik bo‘lgani, minglab xotin-qizlar davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlangani e’tiborga molik.
Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan ko‘pi, ya’ni, 653 ming nafardan ziyodini qizlar tashkil etadi. Magistraturada o‘qiyotgan yoshlarimiz orasida qizlarning ulushi 14 ming nafarni tashkil etdi. Bu, jami magistrantlarning qariyb 60 foizi degani.

Keyingi yillarda yurtimizda ilm-fan va ta’lim, xususan, oliy ta’lim sohasi isloh etilib, jahon standartlariga moslashtirilayotgani sababli xotin-qizlar bu yo‘nalishda ham katta natijalarga erishmoqda.
So‘nggi yetti yilda 5 ming 247 nafar ayollarimiz fan doktori (DSc) va o‘z sohalari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi. 2023 yilning o‘zida 147 nafar xotin-qiz fan doktori, 1 ming 238 nafari esa falsafa doktori ilmiy darajasiga erishgan.
Davra suhbatida olima ayollar safini tobora kengaytirish, ularning ilmiy ishlarini amaliyotga joriy etishga yaqindan ko‘maklashish kabi masalalar atroflicha fikr yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA