Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligi rag‘batlantiriladi
16:42 / 2025-11-05

Toshkentda davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini rag‘batlantirishga bag‘ishlangan xalqaro seminar tashkil etildi.

Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) hamkorligidagi “O‘zbekiston davlat boshqaruvini rivojlantirish salohiyatini oshirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar vakillari, gender tengligi masalalari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan xodimlar va “Rahbar ayollar maktabi” dasturi bitiruvchilari ishtirok etdi.

Seminarda Germaniya va Latviya tajribasiga asoslangan bir qator dolzarb masalalar, jumladan, huquqiy tartibga solish ta’sirini baholash, gender tenglikni integratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tajriba, genderga asoslangan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik samaradorligi hamda ko‘rsatkichlar va baholash bo‘yicha savollarni ishlab chiqish kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Har bir guruh ikkitadan qonunni tahlil qilib, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga nisbatan eks post (ijrodan keyingi) baholashni amalga oshirdi.  

Seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari tahlil qilindi.

Qonunlarni baholash uchun ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish va qo‘llash bo‘yicha tahlil hamda boshqa qonunchilik misollari bilan germaniyalik va latviyalik ekspertlar onlayn taqdimot qildi.

Tadbir ertaga ham davom etadi. Yakunda guruhlar tomonidan amalga oshirilgan tahlillar va taqdim etilgan xalqaro tajriba  asosida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. 

N.Abduraimova, O‘zA