Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat boshqaruvida xalq bilan muloqotning institutsional transformatsiyasi
11:20 / 2026-01-17

Jahon taraqqiyotining hozirgi geosiyosiy va sotsio-iqtisodiy bosqichida davlatning global raqobatbardoshligi nafaqat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki davlat boshqaruvi apparatining jamiyat bilan integratsiyalashuv darajasi hamda ijtimoiy ishonch indeksi bilan o‘lchanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida “Inson qadri uchun” tamoyilini yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi konseptual hujjat bo‘ldi. Dunyoda “ishonch inqirozi” kuchayib borayotgan bir davrda, O‘zbekistonning “Xalq bilan muloqot” modeli barqaror rivojlanishning o‘ziga xos andozasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Murojaatnomaning tub mohiyati “Inson – jamiyat – davlat” tizimini utilitar yondashuvdan gumanistik paradigmaga o‘tkazishga qaratilgan.

Yurtboshimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilda davlat boshqaruvini yanada ixchamlashtirish va samaradorligini oshirish masalasi bevosita muloqotning natijadorligi bilan bog‘langani barcha uchun manzur bo‘ladigan ruhda ifodalab berildi. Ilmiy nuqtai nazardan, bu jarayon maslahatli demokratiya modelining milliy davlatchilikka tatbiqidir, desak yanada aniqroq ta’riflagan bo‘lamiz. 

Ushbu modelga ko‘ra, qarorlar qabul qilish jarayoni faqatgina vertikal iyerarxiya bilan cheklanib qolmay, balki fuqarolarning bevosita ishtiroki orqali legitimlik kasb etadi. Ochiq byudjet portali orqali aholi tashabbuslarining moliyalashtirilishi davlat mablag‘larini taqsimlashda xalqning bevosita sub’ekt sifatida ishtirok etishining amaliy va zamonaviy imidjidir.

Murojaatnomada raqamli iqtisodiyot va "Smart Government", ya’ni aqlli boshqaruv konsepsiyasiga alohida urg‘u berildi. Xalq bilan muloqotning zamonaviy imiji bugun virtual makonda shakllanmoqda. “Elektron hukumat” tizimi fuqaro va davlat xizmatchisi o‘rtasidagi yuzma-yuz muloqotni raqamli interfeysga ko‘chirib, korrupsion xavflarni bartaraf etilishi yuksak islohotlar davomiyligi bilan bog‘liq, albatta. Murojaatnomaning strategik yo‘nalishlaridan biri - muammolarni bevosita mahalla darajasida hal qilish, subsidiarlik tamoyilini hayotga tatbiq etish. Bu tamoyilga ko‘ra, yuqori turuvchi organlar faqat quyi bo‘g‘in yechishga qodir bo‘lmagan masalalargagina aralashishi lozim.

2026 yilgi rejalarda “Mahalla yettiligi” vakolatlarining kengaytirilishi davlat boshqaruvida markazsizlashtirish jarayonining yakuniy bosqichi hisoblanadi. Bu model global miqyosda pastdan yuqoriga boshqaruv uslubining muvaffaqiyatli namunasi sifatida tahlil qilinmoqda. O‘zbekiston modelining o‘ziga xosligi shundaki, u g‘arbning mexanik boshqaruvini sharqning jamoaviylik an’analari bilan sintez qiladi.

O‘zbekistonning xalq bilan muloqot strategiyasini Janubiy Koreyaning "E-People" tizimi yoki Estoniyaning raqamli jamiyati bilan qiyoslaganda, milliy modelimizda ijtimoiy-antropologik kontekst kuchli ekani ko‘rinadi. Murojaatnomada muloqot nafaqat huquqiy jarayon, balki xalqning ruhiyatini ko‘tarish va ijtimoiy adolatni ta’minlash omili sifatida talqin etildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabrdagi Murojaatnomasi O‘zbekistonning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishini belgilab beruvchi strategik kompas vazifasini o‘taydi. Ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, xalq bilan muloqotning zamonaviy transformatsiyasi shunchaki texnik yangilanish emas, balki davlat boshqaruvining samaradorligi va xalqning roziligini ta’minlovchi fundamental demokratik mexanizmdir. 2026 yilga mo‘ljallangan islohotlar O‘zbekistonni xalqchil davlat maqomiga o‘tkazishda muhim institutsional poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Nasiba JUMANIYOZOVA,

Surxondaryo viloyati Denov tumani

101-umumta’lim maktabi direktori.

O‘zA