“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi O‘zbekistonda davlat boshqaruvini xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi, faol va samarali mexanizmga aylantirishga qaratilgan.
Bugungi kunga kelib, davlat dasturi doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning yuqori sur’ati davlat organlaridan qonun loyihalarini tashabbus qilish, ishlab chiqish va qonunlar ijrosini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan munosabatlarni yanada takomillashtirish, shuningdek, mas’ul rahbarlarning faolligini kuchaytirishni talab etmoqda.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi qo‘mitalari faoliyatida ilmiy-tadqiqot muassasalari va tahlil markazlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu qonunchilik jarayonining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan hamkorlik samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga ega. Ushbu qarorga muvofiq, qo‘mitalar tomonidan 50 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Bu memorandumlar asosida hamkorlik rejalari tasdiqlanib, davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu tadbirlar qonun ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ushbu hamkorlik davlat boshqaruvida innovatsiyaviy yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlab, jamiyat ehtiyojlariga tez va ijobiy javob berish imkonini yaratadi.
Yana bir muhim tashabbus sifatida O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzurida “Yosh advokatlar” jamoat kengashi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilinib, uning tuzilishi va faoliyati aniq belgilab berildi. Nizomga ko‘ra, Kengash rais va 9 nafar a’zodan iborat bo‘lib, a’zolar Advokatlar palatasi raisining buyrug‘i bilan uch yil muddatga tayinlanadi. Shuningdek, 40 yoshga to‘lmagan advokatlar kengash a’zosi bo‘lish imkoniyatiga ega. Bu yosh mutaxassislarning kasbiy rivojlanishi va faol ishtirokini rag‘batlantirishda muhim qadamdir.
“Yosh advokatlar” jamoat kengashiga yuklatilgan vazifalar advokatura sohasini rivojlantirishda ulkan imkoniyatlarni yaratadi. Ushbu vazifalar qatoriga o‘quv tadbirlarini tashkil etish, ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek, yosh advokatlarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabilar kiradi.
Bundan tashqari, Kengash advokatlik kasbini ommalashtirish, axborot va o‘quv loyihalarini amalga oshirish, xalqaro tajriba almashish dasturlarida ishtirok etish kabi vazifalarni ham o‘z zimmasiga oladi. Bu tadbirlar yosh advokatlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbuslar davlat boshqaruvidagi islohotlarning samaradorligini oshirib, qonunchilik va advokatura sohasida yosh mutaxassislarning faol ishtirokini ta’minlaydi. Xususan, “Yosh advokatlar” kengashining tashkil etilishi advokatura institutining zamonaviy talablarga mos rivojlanishiga xizmat qiladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash va xalq xizmatidagi samarali davlat boshqaruvini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Inobat HAKIMOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi”
markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA