Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat boshqaruvi organlari xodimlari kompetensiyalarini rivojlantirishda Bavariya tajribasi o‘rganilmoqda
17:20 / 2025-05-21

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi (DSBA)da “Davlat boshqaruvi organlari xodimlarining kasbiy va rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirishda Bavariya tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari vakillari, xorijiy hamkorlar, DSBA professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari, Bavariya davlat boshqaruvi maktabi, Hanns Zaydel jamg‘armasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Akademiya rektori Jasur Solihov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Olaf Shols tomonidan o‘tgan yili Akademiyada ochib berilgan “Hokimlikka tayyorlash maktabi” muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 5 maydagi “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda, yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlashda bunday xalqaro davra suhbatlarining alohida o‘rni borligi qayd etildi. 

[gallery-23478]

Germaniya kabi rivojlangan davlatlarning yutuqlarini o‘rganish juda muhim. Germaniyaning iqtisodiy va boshqaruv markazlaridan biri Bavariyaning kadrlar tayyorlash va davlat xizmati sohasidagi ilg‘or va institutsional yondashuvlari xalqaro miqyosda tan olingan. 
Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi (Bayerische Verwaltungsschule) Yevropadagi eng nufuzli muassasalardan biri bo‘lib, u jahon reytinglarida o‘zining amaliyotga yo‘naltirilgan, kompetensiya asosidagi ta’lim dasturlari bilan ajralib turadi.

Davra suhbati davomida Hanns Zaydel jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi doimiy vakili Konstantin Blashke, GIZ Samarali davlat boshqaruvi dasturi maslahatchisi Madina Ishmuradova, shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Dilshod Kenjayev so‘zga chiqib, Bavariya modeli, uning trening markazlari, simulyatsiyaga asoslangan o‘quv mashg‘ulotlari, rahbarlik qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirish usullari haqida fikr bildirdi.

Davlat boshqaruvi organlari vakillari tomonidan Bavariya tajribasini o‘zlashtirish, mahalliy shart-sharoitga moslashtirilgan holda amaliy treninglar, simulyatsiya laboratoriyalari, keys-stadilar va rahbarlik kompetensiyalarini aniqlash vositalarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Xalqaro davra suhbati ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish, davlat xizmatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ulkan harakatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bavariya modeli asosida shakllantirilayotgan yangi tizim kelajak rahbarlarining faqat nazariy emas, balki amaliy jihatdan ham puxta tayyorgarligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

N.Abduraimova, O.Pardayev (surat), O‘zA