Yaqin o‘tgan davrda davlat boshqaruvi organlari faoliyatida insonparvarlik, shaffoflik, hisobdorlik, qonuniylik kabi ijobiy mezonlarning ustuvorligini belgilashda ulkan maqsadlarga erishildi. Davlat qurilishida axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan faol foydalanilib, ko‘plab byurokratik to‘siqlar, qog‘ozbozlik va sansalorliklardan voz kechildi.
Davlat boshqaruvi organlari samaradoriligini oshirish doimiy va to‘xtovsiz amalga oshirilishi lozim bo‘lgan sohadir. Shu sababli davlat boshqaruv organlari o‘z vazifalarini sifatli va to‘laqonli bajarishi hamda ular faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilinishi yuzasidan doimiy tadqiqotlar olib borilishi mazkur sohada vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldini olish va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Xuddi shu yo‘nalishda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutining mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazgan «O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi organlarining institutsional samaradorligini oshirish: muammo va yechimlar» mavzusidagi tadqiqotining oldidagi asosiy maqsad ham amaldagi davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish oldidagi muammo va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish yo‘llarini tadqiq etishdir.
Tadqiqot qatnashchilari sifatida respublikadagi 13 ta davlat boshqaruvi organlari (4 ta vazirlik, 1 ta davlat qo‘mitasi, 3 ta agentlik, 3 ta inspeksiya,1 ta markaz va 1 ta qo‘mita) ro‘yxati shakllantirildi va har bir tashkilotdan o‘z sohasida tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar jalb qilindi. Tadqiqot sotsiologiyaning sifatli ma’lumot yig‘ish usullaridan biri bo‘lgan fokus-guruh uslubiyoti asosida o‘tkazilib, unda bir necha guruhlarda jami 18 nafar ekspert muhokamalarda ishtirok etdi.
Tadqiqot davomida davlat organlarining jamiyat hayotidagi munosabatlarni tartibga solishi, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishi, qonun ustuvorligini ta’minlashi,davlat xizmatlari ko‘rsatishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashi borasidagi vazifalarni bajarish holati hamda ularning moddiy-texnik ta’minoti darajasiga baho berildi. Mutaxassislar tomonidan berilgan baholarni umumlashtirish natijasiga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlarining samaradorlik darajasi 100 ballik shkalada 55 ball deb topildi.
Bunday yuqori bo‘lmagan bahoning qo‘yilishiga sabab sifatida ekspertlar davlat boshqaruvi organlarining aholiga xizmat ko‘rsatishi bilan bog‘liq masalalarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatib o‘tishdi. Tadqiqot ishtirokchilari fikriga ko‘ra, so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq qisqa muddatda ulkan natijalarga erishildi. Biroq, shunga qaramasdan, ko‘plab sohalarda o‘rta-bo‘g‘im rahbarlarining ma’nan eskirgan yondashuvlardan to‘liq soqit bo‘la olmaganligi, jamiyatda huquqiy madaniyat sohasidagi muammolar, korrupsiya, sansalorlik, tadbirkorlik oldidagi sun’iy to‘siqlar va boshqa muammolar mavjudligi davlat boshqaruvi samaradorligining oshishi oldida to‘g‘onoq bo‘lib qolmoqda.
Shu o‘rinda so‘nggi yillarda olib borilgan islohotlarning shaksiz ijobiy natijalarini e’tirof etgan holda ekspertlar davlat boshqaruvi organlari faoliyatidagi ayrim salbiy holatlarga e’tibor qaratishdi. Xususan, korrupsiyaviy amaliyotlar davlat idoralarida turli ko‘rinishlarda (pora berish, favoratizm va qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik,«tanish-bilishchilik»,«hadya»lar ko‘rini-shidagi moddiy manfaatdorlik) hali-hanuz kuzatilayotganligi, aholining elektr energiyasi, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi, yo‘l infratuzilmasi, ta’lim, sog‘liqni saqlashga bo‘lgan talablari to‘laqonli bajarilmayotganligi, milliy qadriyatlar asosida rivojlanishni ta’minlovchi axborot makonining shakllanmaganligi kabi holatlar mamlakatimizdagi bugungi kun voqeligining salbiy ko‘rinishlarini tashkil etmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mavjud qoniqarsiz holatga quyidagi muammolar sabab bo‘lgan:
1) Davlat boshqaruvi organlari vakolatlarining chegarasi aniq belgilanmaganligi/cheksizligi.
Davlat organlari faoliyatida xos bo‘lmagan vakolatlarning saqlanib qolinishi hamda tashkilot rahbarlarining iqtisodiy jarayonlardan manfaatdorligi ularning asosiy vazifasi bo‘lgan huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha regulyatorlik funksiyasini bajarishga to‘sqinlik qilmoqda.
2) Davlat boshqaruvi idoralarining faoliyatini tartibga soluvchi protsessual qoidalarining nomukammalligi
Boshqaruv organlarining o‘z vazifalarini bajarishi jarayonidagi ma’muriy tartib-taomillardagi mavjud huquqiy bo‘shliqlar turli suiiste’molliklar (korrupsiya, tama’girlik, shaxsiy ehtiyojlarni davlat resurslari hisobidan qondirish), sansalorliklar, xizmat vazifalarini sifatsiz ijro etish kabi holatlarga olib keladi.
Bunday institutsional vakolatlarni suiiste’mol qilish holatlari aholiga bevosita xizmat ko‘rsatuvchi aksariyat davlat organlari faoliyatida uchraydi. Amaliyotda zarur bo‘lgan xizmat yo‘riqnomalari, nizomlar, uslubiyotlar va qoidalar kabi ma’muriy tartib-taomillarni belgilovchi normalarning puxta ishlab chiqilmaganligi mazkur salbiy holatlarni vujudga kelishiga zamin yaratadi.
3) Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyat masalalari
bugungi kunda qasddan odam o‘ldirish, og‘ir tan jarohati yetkazish, korrupsiyaviy jinoyatlar, firibgarlik, o‘zboshimchalik (samosud), o‘g‘irlik kabi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi rezonansli yangiliklar jamiyatda axloq inqirozi bo‘yicha dolzarb va qizg‘in muhokamalarga olib kelmoqda. Fokus-guruh ishtirokchilari kuzatuvlariga ko‘ra, mamlakatimizning bozor iqtisodiyoti tamoyillariga to‘liq o‘tish bosqichida bo‘lganligi, ommaviy madaniyatning zararli ta’siri, dunyo va mintaqada ekstremistik g‘oyalarning targ‘iboti kuchayishi hamda halollik mezonlarining qadrsizlanishi kabi aholining ongi va xatti-harakatlariga aks ta’sir etuvchi omillar davlat organlari faoliyatini sustlashtirmoqda.
Tadqiqot davomida mutaxassislar tomonidan huquqiy madaniyatning quyidagi ayrim inqirozli ko‘rinishlari davlat organlari samaradorligi oldida jiddiy to‘siq deb baholandi:
tajovuzkorlik– sog‘liqni saqlash xodimlari va maktab o‘qituvchilariga nisbatan zo‘ravonlik (samosud) holatlari ommaviylashuvi, davlat xizmatchisi maqomini hurmat qilmaslik, boshqa fuqarolar yoki davlat xizmatchilarining huquqlarini cheklashga olib keluvchi aslida mavjud bo‘lmagan xayoliy «huquq»ni talab etish;
jamoat nazorati zaifligi– aholining huquqni qo‘llovchi davlat boshqaruvi organlarining kamchiliklarini qonunlarga asoslanib ko‘rsatishga jur’ati yetmasligi, natijada, davlat tashkilotlarining muammolari ortib borishi, fuqarolarning o‘z huquq va majburiyatlariga nisbatan bepisandlik ko‘nikmalari shakllanib qolganligi;
huquqiy nigilizm– yot diniy prozelitizm, kosmopolitan va boshqa ommaviy g‘oyalar ta’siri ostida milliy an’analar va ulardan kelib chiquvchi milliy qonunchilikni hurmat qilmaslik, amaldagi qonun normalarini inkor etish. Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining inspektorlari, Majburiy ijro byurosi xodimlari, Davlat soliq qo‘mitasi inspektorlarining qonuniy talablarini nazar-pisand qilmasdan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni davom ettirish.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, erishilgan yutuqlarga qaramay, davlat boshqaruvi sohasini takomillashtirish yo‘nalishida mamlakatimiz oldida bir qator muammo va dolzarb vazifalar turibdi. Xususan, ular qatorida:
1. Vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarning barcha funksiyalari tahlilini o‘tkazish, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish, shuningdek, shu asosda vazirlik va idoralar hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlarni qayta tashkil qilish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) va sonini kamaytirish;
2. Markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish. Buning uchun, eng avvalo:
vazirlik va idoralarni maqomini belgilash, ularni tashkil etish va tugatishning aniq tartibini ishalab chiqish;
davlat boshqaruvi idoralarining faoliyatini tartibga soluvchi protsessual qoidalarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish;
tarkibiy tuzilma va shtatlarni belgilashga oid aniq talablar ishlab chiqish;
manfaatlar to‘qnashuvini vujudga keltirayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf qilish;
sifat menejmenti tizimini joriy etish.
3. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan targ‘ibot tadbirlarni kuchaytirish, jamiyatda huquqiy savodxonlikni rag‘batlantirishning, shu jumladan, aholidan qonunchilik takliflarini to‘plash, ularni sifat jihatdan takomillashtirishda ishtirok etish mexanizmlarini joriy qilish.
Tadqiqotda aniqlangan muammoli masalalarni bartaraf etish davlatimiz rivojlanishining yangi bosqichini boshlab beruvchi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish va tatbiq etishda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
N.Norbayev, Sh.Ro‘ziyev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti xodimlari