Tadbirkorlik sub’ektlari iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchi, lokomotivi hisoblanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishdan boshlangan davlat miqyosidagi harakatlar natijasini ko‘rsatib, katta biznes va tashqi savdo aloqalari sari yirik qadam tashlanmoqda.
20 avgust “Tadbirkorlar kuni” arafasida joylarda tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning muammo va takliflari chuqur o‘rganilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati yo‘nalishida uchrayotgan muammolarini ijobiy hal qilish, mamlakatimiz investitsion jozibadorligini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarining raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, bojxona xizmati polkovnigi Nodir Musamuxamedov Nukus shahrida bo‘lib, hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashdi.
Unda tadbirkorlarning muammolari, o‘z faoliyatini amalga oshirish yo‘lidagi to‘siqlari, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflari tinglandi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari asosida joriy yilning dastlabki 7 oyi davomida bojxona to‘lovlaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga 220,5 milliard so‘m (2021 yil hisobot davrida 120,5 milliard so‘m) miqdoridagi bojxona to‘lovidan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan berilgan imtiyozlar miqdori qariyb 100 milliard so‘mga yoki 83 foizga oshgan.
Shuningdek, hisobot davrida 13 ta tashkilotga 47,5 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
O‘z o‘rnida bojxona to‘lovlaridan tejab qolingan mablag‘lar tadbirkorlik sub’ektlari uchun o‘z faoliyatini rivojlantirib, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga zamin yaratmoqda.
“Milako Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili sut mahsulotlarining importi bilan shug‘ullanishini va tovarni o‘z omboriga joylashtirishda qonunchilik hujjatlarida talab etilayotgan bojxona to‘lovlari ta’minoti tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisining faoliyatini amalga oshirishda to‘siq bo‘layotganligi yuzasidan murojaat etdi.
Ushbu savol doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhamedov “vakolatli iqtisodiy operator” tushunchasiga to‘xtalib, ushbu tizim afzalliklari va imtiyozlari, vakolatli iqtisodiy operator reyestriga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari bojxona to‘lovlari ta’minotini amalga oshirmasdan tovarlarni o‘zlariga tegishli omborlarga bojxona nazorati ostida joylashtirishi mumkinligi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Davra suhbati so‘nggida tadbirkorlik sub’ektlari muammolari va masalalari bojxona organlari vakolati doirasida ijobiy hal etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA