English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi korrupsiyaga qo‘l urgan xodimlarni ishdan bo‘shatdi
16:27 / 2022-11-15

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov huzurida bo‘lib o‘tgan navbatdagi xizmat yig‘ilishida shaxsan rais tomonidan bir necha bor ogohlantirishlarga qaramasdan, tizimda hanuzgacha korrupsiyaga qo‘l urayotgan xodimlar uchrayotganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Afsuski, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga sharoit yaratgan ayrim xodimlar “mening qilmishimni hech kim ko‘rmayapti, hech kim bilmayapti” qabilida ish tutishmoqda. Vaxolanki, ular bojxona organlarining tezkor tuzilmalari tomonidan 5-6 oy davomida tezkor kuzatuv ostiga olingan edi.

Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona postida joriy yilning iyun-sentyabr oylarida olib borilgan tezkor o‘rganish ishlari natijasida olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositalarini hujjatlarda go‘yoki bo‘sh holatda deya ko‘rsatgan holda olib chiqilganligiga doir fakt va dalillar aniqlandi.

Yig‘ilishda DBQ raisi mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

“Oybek” chegara bojxona posti boshlig‘i o‘rinbosari va 3 nafar xodimlari shu kunning o‘zida bojxona organlaridan bo‘shatildi va tergov organlariga topshirildi.

Bugun tungi soat 3.30 da “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona postida aniqlangan tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib kirishga urinish holati ham yig‘ilishda keskin tanqid ostiga olindi.

Natijada, mazkur post smena boshlig‘i ham bojxona organlaridan bo‘shatildi.

Bojxona organlari tezkor tuzilmalari tomonidan Farg‘ona viloyatida aniqlangan navbatdagi salbiy holatda esa tovarlarni “reeksport” qilmasdan, ichki hududda olib qolinishiga sharoit yaratib bergan xodimlar qilmishi tanqid qilindi. Mazkur holatga aloqador “Qo‘qon” TIF bojxona postining 1 nafar xodimi bojxona organlaridan bo‘shatildi va holatga aloqadar bir qator xodimlar intizomiy jazoga tortildi.

O‘zA