Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi ijodkorlar bilan uchrashdi
18:23 / 2021-12-15

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov bir guruh yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar bilan uchrashdi.

Samimiy ruhda kechgan muloqotda bugungi kun adabiyotida zamonaviy o‘zbek bojxonachisining qiyofasi deyarli aks etmayotgani ta’qidlandi. Darhaqiqat, kelgusi yil 26 yanvarda 30 yilligini nishonlaydigan davlat bojxona xizmati organlarining sharafli va shu bilan birga mashaqqatli faoliyatini bayram arafasida nasriy va she’riy asarlarda, badiiy bo‘yoqlarda aks ettirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu boisdan uchrashuvda bojxonaning mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, giyohvandlikka qarshi kurash, kontrabanda va bojxona qonunbuzilishlarining oldini olish yo‘nalishidagi faoliyatini adabiy-badiiy asarlarda mazmunan pishiq va puxta ochib berish yuzasidan o‘zaro taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.

Jumladan, xizmat vaqtida xalok bo‘lgan qahramon bojxonachilar siymosini gavdalantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

- Bojxonaning eshigi hamisha sizlar uchun ochiq. Kerak bo‘lsa, tashqi iqtisodiy faoliyat va chegara-bojxona postlariga sizlarni olib borib, faoliyatimiz bilan yaqindan tanishtirishga hamisha tayyormiz. Chunki, xalqimizga bojxona ishini badiiy asarlar orqali yetkazishda, eng avvalo, ijodkorlarning o‘zi bojxona ishi bilan yaqindan tanishishi, ichidan o‘rganishi muhim, deb hisoblayman, – dedi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov.

Uchrashuv doirasida mehmonlar “Bojxona tarixi” muzeyi bilan tanishdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, bu kabi uchrashuv ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.