Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat bayrog‘idan foydalanishdagi cheklovlarni olib tashlash tashabbusi ilgari surildi
16:46 / 2022-11-18

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idan erkin foydalanishi uchun kengroq imkoniyatlar yaratish masalasi ko‘rib chiqildi.

— Davlat bayrog‘i yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik, erishayotgan yutuqlarimiz va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchimiz ramzidir, — dedi Spiker o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov. — Hurligimiz timsoli bo‘lgan bayrog‘imizning baland hilpirab turishi barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Bugun davlatimiz bayrog‘ining qabul qilinganiga 31 yil to‘ldi. “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunning 1-moddasi bilan davlat bayrog‘ining sxematik va rangli tasviri tasdiqlangan. 2-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i respublika davlat suverenitetining ramzidir”, deb belgilab qo‘yilgan. Demak, davlat bayrog‘ini mustaqillik, istiqlol va ozodlik, obod va farovon hayot ramzi, shu muqaddas vatanda yashayotgan har bir fuqaroning qalb ramzi deb e’tirof etish lozim. 



Fraksiya a’zolari davlat bayrog‘idan foydalanishda cheklovlar ko‘pligini ta’kidlab, undan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni yanada soddalashtirish, milliy bayrog‘imizdan qonunga qat’iy rioya qilgan holda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Xususan, davlat ramziga hurmatsizlik qilganlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish, undan foydalanish bo‘yicha aniq mezonlar ishlab chiqish, Davlat bayrog‘ini shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarda, xonadonlarimizda hilpirab turishiga imkoniyat yaratib berish kabi takliflar bildirildi. Bu esa “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etadi. Fraksiya a’zolari bu kabi takliflarni ilgari surib, qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusini bildirdi. 



Yig‘ilishda so‘z olgan deputatlar bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. 

— Amaldagi qonunga nazar solsak, unga hozirgacha 5 marta, ya’ni 2010 yil 24 dekabrda, 2017 yil 14 sentyabrda, 2019 yil 18 fevralda, 2019 yil 5 sentyabrda, 2021 yil 21 aprelda tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan va takomillashganini ko‘ramiz, — deydi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafar Xudayberdiyev. — Agar “inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga asoslanib amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ochiqlik siyosati natijasida fuqarolarimiz siyosiy ongining jadal o‘sib borayotgani, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushining ortib borayotganini hisobga olsak, amaldagi qonun yana o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga muhtoj ekanligiga amin bo‘lamiz. Ilgarigi qonunda davlatimiz bayrog‘ining qayerlarga doimiy qo‘yilishi, o‘rnatilishi, qonunchilik bilan belgilangan bayram kunlari qayerlarda, qachon ko‘tarilishi va tushirilishi, Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi kabi normalarning mavjudligi masalaga oydinlik kiritishi bilan bir qatorda ularni cheklov sifatida ham baholash mumkin. Chunki fuqarolar, keng jamoatchilik, shuningdek, tadbirkorlarimizning takliflari davlatimiz ramzi, iftixori bo‘lgan Davlat bayrog‘i va uning tasviridan foydalanish doirasini kengaytirishni taqozo etmoqda. 



Shundan kelib chiqib quyidagi takliflarni bildirmoqchiman: Davlatimiz bayrog‘ini nafaqat davlat organlari binolari, zallarida, qolaversa, mulk shaklidan qat’i nazar boshqa bino-inshootlarda ham o‘rnatilishiga, fuqarolarimizga umummilliy bayramlar, tantanali marosimlar, oilaviy tadbirlarda ham foydalanishlariga, ustki kiyim-bosh ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarimizga esa Davlat bayrog‘i tasviridan foydalanishga belgilangan tartiblarda ruxsat berilishini qonunda mustahkamlanishi tarafdoriman. Amaldagi qonunga bunday o‘zgartish va qo‘shimchalarning kiritilishi markaziy ko‘chalar, maydonlar, boshqa jamoat joylarida va ob’ektlarda nafaqat bayram kunlari, balki kundalik hayotimizda ham davlatimiz bayrog‘ini ko‘rish, undan faxrlanish imkoniyatlarini kengaytiradi, — dedi deputat. 



Yig‘ilishda fraksiya a’zolari Davlat bayrog‘idan foydalanishdagi cheklovlarni olib tashlash borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar. Qizg‘in fikr-mulohaza va muhokamalardan so‘ng fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi. 

Muhtarama Komilova, 
O‘zA