O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, quyidagilar davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilandi:
a) xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida mamlakatimiz manfaatlariga uyg‘unlashgan milliy davlat auditi tizimini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
b) davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali qonunbuzilish holatlarining oldini olish va tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
v) davlat auditi yo‘nalishida yetuk va malakali kadrlarni tayyorlash.
Hisob palatasi faoliyatining xalqaro standartlarga muvofiq sifati va samaradorligini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarini mustahkamlash orqali uning xalqaro miqyosdagi mavqeini yuksaltirish maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab har 5 yilda kamida bir marotaba Hisob palatasi faoliyatini tashqi baholashdan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.
Hisob palatasi faoliyatini tashqi baholashdan o‘tkazish:
Oliy audit organlarining xalqaro tashkiloti (INTOSAI) va boshqa xalqaro darajada tan olingan tashkilotlar metodologiyalari asosida;
kelishuv doirasida xalqaro tashkilotlar yoki xorijiy davlatlarning oliy audit organlari tomonidan;
mustaqil baholash jarayonini tashkil etish, faoliyati bo‘yicha barcha ma’lumotlarni taqdim etish (bundan davlat siri bilan bog‘liq ma’lumotlar mustasno), natijalarini jamoatchilik uchun e’lon qilish shartlarida amalga oshiriladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishdan boshlab, loyihalarni foydalanishga topshirishga qadar barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtirilgan holda yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 apreldan boshlab 2030 yil 1 yanvarga qadar eksperiment tariqasida davlat organlari va tashkilotlarida mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi ustidan ta’sirchan nazoratni olib borishining quyidagi tartibi joriy etiladi:
a) davlat organlari va tashkilotlarida Hisob palatasining vakili sifatida bosh inspektor faoliyati yo‘lga quyiladi;
b) bosh inspektor lavozimlari Hisob palatasining tuzilmasida mazkur tartib joriy etilayotgan davlat organlari va tashkilotlarining bir nafar boshqaruv shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;
v) bosh inspektor vazifalarni davlat organlari va tashkilotlarida uning ish yuklamalarini inobatga olgan holda tasdiqlanadigan nazorat ishlarining yillik dasturi asosida amalga oshiradi hamda faqatgina Hisob palatasiga hisobdor bo‘ladi;
g) bosh inspektor faoliyatini baholash Hisob palatasi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KRI) asosida amalga oshiriladi va u har chorak yakuni bo‘yicha Hisob palatasi raisi huzurida o‘z faoliyati yuzasidan hisobot beradi;
d) bosh inspektor faoliyati bo‘yicha doimiy hisobot shakllari Hisob palatasi raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Hisob palatasi tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari byudjetlari xarajatlarining samaradorligini nazorat qilish sho‘’basi tashkil etiladi.
Hisob palatasiga atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish sohasida davlat dasturlari, qonunchilik va boshqaruv jarayonlarining samaradorligi, qonuniyligi hamda maqsadga muvofiqligini baholashni moliyaviy, muvofiqlik va samaradorlik auditlari doirasida o‘tkazishga ruxsat etiladi.
O‘zA