Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat attestatsiyasida ishtirok etayotgan pedagoglar o‘z bilim va mahoratlariga ishonishi kerak
15:55 / 2025-06-19

Ijtimoiy tarmoqlarda pul evaziga o‘qituvchilarni davlat attestatsiyasidan o‘tkazishga uringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani xususida xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabar yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil yanvardan boshlab maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari attestatsiyasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.

Malaka (test) sinovlarini (shuningdek, kasbiy sertifikatlash, menejerlik sertifikati sinovlarini ham) shaffof, adolatli, xolis o‘tkazish maqsadida har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn), FaceID– yuzni tanib olish orqali o‘tkaziladi.

Afsuski, ayrim pedagoglar tomonidan turli qing‘ir yo‘llar bilan toifa olishga urinish holatlari ham uchrab turibdi. O‘tgan malaka sinovlarida turli taqiqlangan vositalar, xususan aloqa vositalaridan foydalanish holati bo‘yicha 200 nafardan ortiq nomzod sinovlardan chetlashtirilgan.

Xususan, joriy yildagi sinovlarda respublika bo‘yicha jami 79 nafar, shu jumladan 68 nafari aloqa qurilmalaridan foydalangani sababli jarayonda ishtirok etishga ruxsat berilmagan.  

Ayrim kimsalar esa firibgarlik yo‘li bilan testdan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilib, pedagoglar ishonchiga kirmoqda, ulardan pul olib jinoyatga qo‘l urish holatlari ham uchramoqda.

Ushbu holatlarni bartaraf etish, har qanday turdagi qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tegishli organlar, xususan Bosh prokuratura bilan hamkorlikda ishlar olib bormoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha huquqiy baho berish uchun barcha ma’lumotlar tergov organlariga yetkazilmoqda.

Noqonuniy holatga duch kelayotgan pedagoglar 71-202-09-09 Ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA