Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daurimbetovning “tuhfa”lari, Barsovning qat’iyati "Qonaev Cup 2025"ga joziba bag‘ishladi
10:42 / 2025-08-13

Qozog‘istonning Olmaota shahrida tashkil etilayotgan mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat "Qonaev Cup 2025" xalqaro turnirining "Challengers" guruhida dona surgan yosh shaxmatchimiz Azamat Daurimbetov so‘nggi turda sovrindorlikni qo‘ldan boy bergan bo‘lsa, tajribali grossmeysterimiz Aleksey Barsov muvaffaqiyatga erishib, kuchli yettilikdan joy egalladi.

19 davlatning 268 nafar mahoratli shaxmatchilari ishtirok etgan mazkur turnirda vatanimiz sharafini himoya qilgan Muhammadzohid Suyarov va Humoyun Bekmurodov "Masters" guruhida mukofot jamg‘armasida belgilangan 78 ming AQSH dollariga da’vogarlik qilgan bo‘lsa, "Challengers" guruhi uchun ajratilgan 15 ming AQSH dollari miqdoridagi sovrin jamg‘armasi uchun kechgan kurashlarda hamyurtlarimiz Azamat Daurimbetov, Aleksey Barsov va Miraziz Matyoqubov ishtirok etdi.

E’tiborli jihati, "Challengers"da qatnashgan shaxmatchilarimiz sovrinli o‘rinlarni egallashga juda yaqin keldi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi shaxmat maktabi tarbiyalanuvchisi Azamat Daurimbetov 8-turda qozog‘istonlik Alibek Igambergenov bilan murosa yo‘lini tanlab, sovrinli o‘rinlar sari yarim qadam tashladi. Ammo, 9-turda oq donalarda harakatlangan hamyurtimiz rossiyalik Konstantin Korniyenkoga imkoniyatni boy berib qo‘yishi ortidan turnirni 10-o‘rinda yakunladi. Daurimbetovning “tuhfasi” tufayli rossiyalik shaxmatchi 2-o‘rinni egallab, 3 ming AQSH dollari sohibiga aylandi. 

Tajribali grossmeysterimiz Aleksey Barsov 9-turda qora donalarda qozog‘istonlik Alibek Igambergenovni dog‘da qoldirdi va 6,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga o‘z guruhida 7-o‘rindan joy oldi. So‘nggi turda mo‘g‘ulistonlik Nyamdavaa Enxbolorni taslim etgan Miraziz Matyoqubov 5,5 ochko bilan turnirda 16-o‘rinni egalladi.

"Masters" guruhida qatnashgan Muhammadzohid Suyarov 9-turda FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashgan Nikita Afanasev to‘sig‘ini yengib o‘ta olmagan bo‘lsa, Humoyun Bekmurodov oxirgi turda qozog‘istonlik Miras Assilov bilan murosa yo‘lini tanladi. Ushbu natijalar Muhammadzohid Suyarovga 4,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 30-o‘rinni, 4 ochko jamg‘argan Humoyun Bekmurodov 46-pog‘onani band etishiga olib keldi.



"Masters" guruhida hindistonlik Aditya Mittal 6,5 ochko bilan 1-o‘rinni, FIDE bayrog‘i ostida harakatlangan Aleksey Grebnev 2-o‘rinni egallagan holatda, misrlik Amin Bassem 6 ochko bilan 3-o‘ringa joylashdi.

To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA