Samarqand shahrida "Samarqand– madaniyat chorrahasi" IV inklyuziv Markaziy Osiyo san’at, hunarmandchilik, teatr va kino festivali boshlandi.
USAIDning tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish loyihasi moliyaviy ko‘magida Samarqand shahridagi “Samarqand Art House” oilaviy korxonasi tomonidan tashkil etilgan festivalda Daun sindromiga chalingan bolalar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan qatnashmoqda.

– Mazkur festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad – jamiyatda inklyuzivlikni rivojlantirish, alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarning ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularning boshqa tengdoshlari kabi ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishini qo‘llab-quvvatlash hamda bu borada boshqa davlatlar vakillari bilan tajriba almashishdan iborat, – deydi festival tashkilotchisi Nargiza Bekmuhammedova. – To‘rt yildan buyon mazkur festivalni tashkil etib, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi hamkasblarimiz bilan inklyuziv ta’limni takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashyapmiz. Daun sindromli bolaning boshqalardan farqi yo‘q, faqat ota-onalar ularga ko‘proq e’tibor qaratishi lozim. Ular iste’dodli bolalar. Qachonki to‘g‘ri yo‘naltirib, iqtidorini ro‘yobga chiqarishga yordam bersak, ular hech qiynalmay jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladi.



Tadbirda kino, teatr, rassomchilik, hunarmandchilik kabi o‘nga yaqin yo‘nalishda tanlovlar, mahorat saboqlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tadbirda respublikamiz va qo‘shni davlatlardan kelgan hunarmandlarning ko‘rgazmasi namoyish etilmoqda.
Festival 23-martgacha davom etadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari