Jizzax viloyatida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va axborot texnologiyalari sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil natija bermoqda. Bu, avvalo, kompyuter dasturlashtirish xizmatlari hajmining sezilarli o‘sishida yaqqol namoyon bo‘lyapti.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida mamlakatimizda kompyuter dasturlashtirish xizmatlari hajmi 24,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,5 foizga o‘sgan bo‘lib, mazkur xizmatlar aloqa va axborotlashtirish sohasidagi umumiy hajmning 40,6 foizini tashkil etdi.
Hududlar kesimida olib qaralganda, Jizzax viloyatida kompyuter dasturlashtirish xizmatlari hajmi 231,9 milliard so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich viloyatda IT sohasiga bo‘lgan talab ortib borayotgani, raqamli xizmatlar bozori shakllanayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar bunday o‘sishni bir qator omillar bilan bog‘lamoqda. Xususan, IT-parklar faoliyatining kengayishi, yoshlar o‘rtasida dasturlashga qiziqishning oshishi, autsorsing xizmatlari va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, raqamli xizmatlarni joriy etishga qaratilgan davlat dasturlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni paytda axborot texnologiyalari sohasi Jizzax viloyatida nafaqat xizmatlar hajmini oshirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini kengaytirish va innovatsion iqtisodiyot asoslarini mustahkamlashda muhim drayverga aylanmoqda.
Mutaxassislar kelgusida ham viloyatda kompyuter dasturlashtirish va raqamli xizmatlar bozori yanada kengayishi kutilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri