Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dasturlar, jamg‘armalar va agentliklar faoliyati: O‘zbekiston va BMT hamkorligiga 30 yil...
11:01 / 2022-03-02

Birlashgan millatlar tashkiloti, bu – dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan, jahon mamlakatlari integratsiyasida muhim o‘ringa ega bo‘lgan xalqaro tashkilot.

Unga 1992 yil 2 martda, ya’ni demokratik islohotlarning ilk bosqichlaridayoq O‘zbekistonning a’zo bo‘lganligini yuksak ishonch va xalqaro hamkorlikning yangi tarixiy sahifasi deya talqin etsak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Dunyo mamlakatlarida ijobiy xususiyatlar bilan birga salbiy ko‘rinishlar ham kasb etayotgan hozirgi globallashuv jarayonida BMT va O‘zbekiston hamkorligi nafaqat xalqaro maydondagi diplomatik munosabatlarda, balki sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ham aks etmoqda. 

bugungi kunda yurtimizda BMTning o‘ndan ortiq dasturlari, jamg‘armalari va agentliklari, jumladan, Taraqqiyot dasturi, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO), Aholi qatlamlari fondi (YUNFPA), Xalqaro Bolalar tashkiloti (YUNISEF), Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST), BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (YUNDOK), OIV/OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi (YUNAIDS), Axborot va ijtimoiy aloqalar bo‘yicha bo‘limi, Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy Komissar boshqarmasi, Sanoat Taraqqiyoti Tashkiloti (YUNIDO), Ko‘ngillilar dasturi (YUNV) faoliyat olib bormoqda. 

Shuningdek, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YeIK) bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. O‘z navbatida, Nyu-York va Jeneva shaharlaridagi BMT qarorgohlarida O‘zbekistonning doimiy vakolatxonalari faoliyat yuritib kelmoqda. 

Ta’kidlash kerakki, BMT – umumjahon tinchligi hamda xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash va ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha yagona universal tuzilma bo‘lib qolmoqda. 

Mamlakatimiz teng huquqli a’zo sifatida BMTning xalqaro huquq tamoyillari va me’yorlariga qat’iy rioya qiladi. Shu bilan birga, o‘z ovozi va maqomiga ega suveren davlat sifatida an’anaviy ravishda tashkilot faoliyatiga oid nihoyatda dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqda. 

Chunonchi, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlarida jahon hamjamiyati e’tiborini dunyo aholisi uchun muhim bo‘lgan muammolarga qaratib, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Birgina misol, davlatimiz rahbarining BMT Bosh assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqi globallashuv sharoitida jahon hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan milliy, mintaqaviy va global darajadagi muammolarga ahamiyat qaratgan holda, ularning yechimlari bilan bog‘liq pragmatik yondashuvlarni o‘rtaga tashlaganligi bilan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ushbu tashabbuslar asosida qator xalqaro hujjatlar qabul qilinmoqda. Masalan, 2018 yil 22 iyunda BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash», 2018 yil 12 dekabrda «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» nomli maxsus rezolyutsiyalari shular jumlasidandir. 2020 yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida BMT shafeligida dunyodagi har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishga qaratilgan pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish haqida bildirilgan taklif ham ro‘yobga chiqish jarayonida. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 33-bandida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida BMTning hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilmasida parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha BMT o‘quv markazi tashkil etildi. 2021 yil 29 mart kuni ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

BMT o‘quv markazining Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda tashkil topganligi ham O‘zbekiston va BMT hamkorligi o‘ziga xos va muhim xususiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. 

O‘quv markazining asosiy maqsadi xorijiy mamlakatlarning parlamentlari va boshqa manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda deputatlik korpusi va senatorlar hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mutaxassislarining ko‘nikma, malaka salohiyatini oshirishdir. Shuningdek, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston hududida va uning tashqarisida masofaviy o‘qitish uchun «Elektron parlament» tizimi bilan integratsiyalashgan «onlayn» tizim yaratish hisoblanadi. 

Bu borada BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Matilda Dimovska markazning ahamiyati haqida fikr bildirib, demokratik qadriyatlar va an’analarni ro‘yobga chiqarish, davlat va jamiyat boshqaruvida qonun ustuvorligini ta’minlash kuchli parlament faoliyatiga bevosita bog‘liq ekanini, shu bois parlamentarizmni har jihatdan rivojlantirish, parlamentariylarning bu sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.

2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 22 marotaba BMT va uning asosiy tashkilotlari bilan hamkorlik masalalariga alohida urg‘u berilgan. 

Davlat dasturining 96-maqsadi «O‘zbekistonning Birlashgan millatlar tashkiloti organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirish» deb nomlanganining o‘zi ham O‘zbekistonning BMT bilan kelgusidagi amaliy hamkorligi naqadar muhim ekanini yaqqol tasdiqlaydi. 

Xususan, Davlat dasturining 372, 373, 374, 375, 376-vazifalarida O‘zbekistonni BMT tuzilmalari orqali dunyo hamjamiyatiga keng tanitish, O‘zbekiston Rahbariyatining BMT doirasidagi tashabbuslarini amalga oshirishni ta’minlash, BMT va uning muassasalari bilan iqtisodiy-moliyaviy va konsultativ hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, bu borada o‘tkaziladigan siyosiy-diplomatik va targ‘ibot tadbirlari miqyosini kengaytirish masalalari nazarda tutildi. 

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan global tashabbuslar va belgilab berilgan yuqoridagi muhim vazifalar – O‘zbekiston jahon hamjamiyati, ayniqsa, BMT bilan integratsiyalashuv jarayoniga jadal kirib borayotganining hamda xalqaro munosabatlardagi pozitsiyasi qat’iy va sobitqadam ekanligining yorqin ifodasidir. 



G‘olibjon MAHAMMADJONOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

huzuridagi Qonunchilik muammolari

va parlament tadqiqotlari instituti

BMT o‘quv markazi rahbari