Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dasturiy mahsulotlar sanoati rivojlanmoqda
19:46 / 2015-01-23

Hayotimizning barcha jabhalariga zamonaviy axborot texnologiyalarining keng joriy etilayotgani mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar bozorini jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Hayotimizning barcha jabhalariga zamonaviy axborot texnologiyalarining keng joriy etilayotgani mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar bozorini jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining 98 foizi soliq va statistika hisobotlari topshirishni, bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni eski usuldagi qog‘oz to‘ldirish yo‘li bilan emas, balki bevosita – elektron shaklda amalga oshirayotganini ta’kidladi.

Tashkilot va korxonalar, vazirlik va idoralar faoliyatining avtomatlashtirilayotgani mamlakatimiz dasturchilarini sifatli va raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishga undamoqda. Prezidentimizning 2013-yil 20-sentabrda qabul qilingan “Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha uchun keng imkoniyat va qulay sharoit yaratmoqda.

Buning samarasida Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarning Milliy reyestri muntazam kengaytirilib, bugungi kunda u mamlakatimizning 69 kompaniyasini o‘zida qamrab olgan. Ayni paytda dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilarning www.software.uz katalogida 1,6 mingdan ortiq milliy dasturiy mahsulotga oid ma’lumotlar mavjud. Milliy reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ishlab chiquvchilar imtiyoz va preferensiyalardan samarali foydalanmoqda. Bu, o‘z navbatida, ularning mahsulotlari narxi va sifatida aksini topayotir. Natijada aksariyat tashkilotlar dasturiy ta’minot vositalarini tanlashda mamlakatimiz kompaniyalari dasturlarini afzal ko‘rmoqda.

“BePro” dasturchilar markazi mahsulotlaridan turli korxona va kompaniyalar, vazirlik va idoralar faoliyatida keng foydalanilmoqda. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “Uzmobayl” filiali uchun yaratilgan UzGPS harakatdagi obyektlarni monitoring qilish tizimi muvaffaqiyatli loyihalar sirasiga kiradi. Chunonchi, “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi va “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi ushbu tizimga ulangan. KaDaTa avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona mahsulotlar lineykasini joriy qilish ishlari davom ettirilmoqda. Mamlakatimizdagi 375 axborot-kutubxona muassasasi ushbu mahsulotlardan foydalanmoqda. MedDATA dasturiy mahsuloti Toshkent va Sirdaryo viloyati tibbiyot muassasalariga joriy etish bosqichida turibdi.

“Intelligent Solutions” kompaniyasi mamlakatimizda yangi dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqish va integratsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniyaning hujjatlar harakatini tezkor nazorat qilish va ularga ishlov berishni soddalashtirishga mo‘ljallangan IS Docflow avtomatlashtirilgan tizimi Samarqand avtomobil zavodi hamda O‘zbekiston qattiq qotishmalar va o‘tga chidamli metallar kombinatida joriy etildi. Kompaniya ishlab chiquvchilari “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining ishlab chiqarish, xo‘jalik va moliyaviy faoliyatini kompleks avtomatlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi.

Ta’kidlash joizki, milliy dasturiy mahsulotlar buxgalterlarning sermashaqqat ishini yengillashtirishga xizmat qilayotir. Jumladan, “Buxgalterga elektron madad” (BEM) dasturi buxgalterlarning moliyaviy xarajatlarini va vaqtini sezilarli tejash, soliqlar bo‘yicha hisob-kitoblarni milliy standartlarga to‘la mos ravishda amalga oshirish imkonini bermoqda. Bugungi kunda shunday dasturlar ro‘yxati faol ravishda to‘ldirib borilmoqda.