O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Xalqimiz – turli soha vakillari, ziyolilar va yoshlar loyiha yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida davlat dasturi loyihasining muhokamasi tashkil etildi.
Aytish kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qabul qilinayotgan muhim hujjatlar, ayniqsa mamlakatimizning taraqqiyotiga bevosita daxldor hisoblangan strategik hujjatlar loyihalarini tayyorlashda keng jamoatchilik, shuningdek xorijiy ekspertlar va xalqaro jamoatchilikning fikr-mulohazalarini o‘rganishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Mazkur tadbir joriy yilgi davlat dasturi to‘g‘risidagi farmon loyihasining mazmun-mohiyati va unda belgilanayotgan ustuvor chora-tadbirlar hamda vazifalar haqida ma’lumot berish, konseptual taklif, tavsiyalarni olish orqali hujjatni yanada takomillashtirish maqsadida o‘tkazildi.
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Qo‘mita raisining o‘rinbosari Azamat Toshev “O‘zbekiston-2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi kesimida 2025 yil uchun mo‘ljallangan amaliy tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar mamlakatimiz barqarorligi va aholi farovonligini kafolatlashga xizmat qiladigan muhim strategik hujjat ekanini ta’kidladi.

– Davlat dasturi yuzasidan xalq fikri so‘ralayotgani e’tiborga molik, – deydi Qo‘mita raisining o‘rinbosari Azamat Toshev. - Zero, jamoatchilik muhokamasida avvalo muhim qarorlar qabul qilishda aholining xohish-irodasini hisobga olish, bu maqsadni ro‘yobga chiqarish, davlat hokimiyatlari organlarining ochiqligi, ularning shaffofligini ko‘rsatadi. Dastur loyihasini takomillashtirish bo‘yicha berilgan barcha takliflar, shubhasiz, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi keng ko‘lamli maqsad va vazifalarni joriy yilda samarali amalga oshirib, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni davom ettirishga xizmat qiladi.
O‘zaro muloqot davomida 2025 yilgi davlat dasturining mazmun- mohiyati, undagi ustuvor chora-tadbirlar, vazifalar haqida fikrlar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, davlat dasturida 295 ta amaliy chora-tadbirlar, 87 ta normativ huquqiy hujjatlar, 269 ta maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanishi nazarda tutilmoqda. Har bir shaxs o‘zining kasbiy faoliyatidan kelib chiqib o‘z fikr va takliflarini uzbekistan2030.uz onlayn portali orqali bildirmoqda.

Yuzinchi maqsad aynan jamiyatda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish doirasidagi islohotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar haqida so‘z bordi.
Tadbir doirasida milliy madaniy markazlar raislari O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar sohasida olib borilayotgan siyosat, nodavlat notijorat tashkilotlarga yaratilgan keng imkoniyatlar uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.
Qo‘mita yig‘ilishida davlat dasturi loyihasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, uni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflarni berish borasida Qo‘mita oldida turgan vazifalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
N.Usmonova, O‘zA