Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 9-son Bolalar musiqa va san’at maktabida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Partiya faollari, ziyolilar, keksa otaxonu-onaxonlar, turli soha vakillari ishtirok etgan tadbirda nomzodning saylovoldi dasturi o‘qib eshittirildi.

Partiyaning bosh maqsadi “Qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland, farovon jamiyat qurish” bo‘lsa, bosh shiori “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”dir. Shular asosida xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odat va an’analarini, ma’naviy va madaniy merosini asrash hamda ularni keng targ‘ib etish, yurtdoshlarimiz ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga hissa qo‘shishdir.

Partiya milliy madaniyat va ma’naviyatni rivojlantirish, qadriyatlarni saqlash va boyitishga alohida e’tibor qaratish bilan birga, madaniy meros muhofazasi, undan foydalanish, tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratishni asosiy vazifa sifatida belgilab olgan. Shuningdek, partiya o‘zbek tilining nufuzi va obro‘sini saqlash yuzasidan davlat tili maqomini oshirish, keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratadi.
Uchrashuvda “Xalq tabobati to‘g‘risida”gi, “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish, “Saxovatli tadbirkor” va “Halol mansabdor” mezonlari asosida fuqarolarni rag‘batlantirish hamda ularni keng jamoatchilikka tanishtirish orqali jamiyatni qadriyatlar atrofida birlashtirish kabi partiya dasturidagi vazifalar haqida ham so‘z yuritildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri