Dastur sodda va oddiy tilda yozilishi kerak
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “Saylov kodeksi – saylov jarayonida qonuniylik va shaffoflikni taʼminlashning muhim omili” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “Saylov kodeksi – saylov jarayonida qonuniylik va shaffoflikni taʼminlashning muhim omili” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy va saylovoldi dasturi muhokamasiga bagʻishlangan tadbirda partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashi raislari, deputatlar, partiya faollari ishtirok etdi.
Tadbirda faollar, elektorat vakillari tomonidan partiya siyosiy va saylovoldi dasturi boʻyicha quyi boʻgʻinda shakllangan takliflar, bu boradagi eʼtirozli jihatlar muhokama qilindi.
Jumladan, partiyaning saylovoldi dasturi loyihasi murakkab tilda yozilgani, bu nafaqat jamoatchilik, balki saylovchilar bilan uchrashuvlarda nomzodlarga ham qiyinchilik tugʻdirishi qayd etildi. Shu boisdan dastur sodda va oddiy tilda yozilishi taklif etildi.
Dasturda ommaviy axborot vositalari masalasiga alohida eʼtibor qaratilgani ijobiy baholandi. Jurnalist kadrlar tayyorlaydigan va qayta tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejasiga inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda ommaviy axborot vositalarining ishtirokiga oid mamlakatimiz hamda xalqaro tajribani oʻrganishni koʻzda tutuvchi maxsus oʻquv dasturini kiritish va ularning huquqiy savodxonligini oshirish taklifi oʻrtaga tashlandi.
Shuningdek, dasturda taʼlim sifatini baholashning milliy tizimini joriy etish gʻoyasi ilgari surilgani elektorat vakillari hisoblangan oʻqituvchilar tomonidan soha xususiyatlaridan kelib chiqmagan holda, nomutaxassislarning oʻrtaga tashlagan fikri sifatida baholandi. Chunki, bugun xalqaro maydon sari yuzlanayotgan bir vaqtda taʼlim sohasida talabni qattiq qoʻyish, rivojlangan davlatlar tajribasi koʻzi bilan qarash lozimligi taʼkidlandi.
Muhokamalar jarayonida qishloq xoʻjaligi sohasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Jumladan, dasturda “qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarning erkinligi, huquqiy mustaqilligini taʼminlash” jumlasi umumiy fikrlardan iborat ekani qayd etilib, bu borada yechimini kutayotgan muammolarni aniq koʻrsatish zarurligi taʼkidlandi.
Masalan, fermer xoʻjaliklari bankdagi hisob raqamidagi pulini erkin ishlata olmaydi. Bu iqtisodiy rivojlanish yoʻlidagi eng katta toʻsiqdir. Partiya ayni shu muammoning yechimini topishi kerakligi eʼtirof etildi.
Qizgʻin bahs-munozaralar va amaliy takliflarga boy boʻlgan uchrashuvda bildirilgan takliflar inobatga olinishi, partiyaning siyosiy va saylovoldi dasturini yanada takomillashtirish, unda deklarativ mazmundagi jumlalardan butunlay voz kechib, sodda, tushunarli, xalqona tarzda shakllantirish uchun uni joylarda yana bir bor tanqidiy muhokamadan oʻtkazish chora-tadbirlari davom etayotgani qayd etildi.
Tadbirda saylov jarayonlariga oid boshqa masalalar ham atroflicha muhokama qilinib, ishtirokchilarning takliflari mujassamlashtirildi.