French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dastur doirasida ichki sayohatlar uchun xarajatlarning bir qismi qaytarib beriladi
11:01 / 2022-05-04

Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 maydagi «Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan boshlab «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi.

Shuningdek, sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.

Mazkur hujjatga asosan 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi joriy etiladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish ichki sayohatlarni rejalashtirish va mablag‘larni qaytarish hamda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida taqdim qilinadigan chegirmalar, tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron platforma, shu jumladan, uning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga belgilangan miqdorlarda amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda, temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda, joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda, teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda qaytariladi.

Sayohat xarajatlari faqatgina Platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.

O‘zA