Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dastlabki dovon ortda qoldi
16:18 / 2024-07-14

Poytaxtimizda 2024/2025 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish bo‘yicha dastlabki test sinovlari o‘tkazildi.

14 iyul kuni erta tongdanoq «O‘zekspomarkaz» majmuasi abituriyentlar, unga tutash hudud esa ota-onalar, o‘qishga kirish istagida bo‘lgan yoshlarning yaqinlari bilan gavjum bo‘ldi.  

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi ortib borayotgani mamlakatimizda ulg‘ayib kelayotgan avlodning kelajagi yo‘lida ko‘rsatilayotgan amaliy g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi, deyish mumkin. Yurtimizda ta’lim sohasi tubdan isloh etilmoqda. Oliy ta’lim dargohlari soni keskin ortib, nodavlat oliy o‘quv yurtlari, xorijiy universitetlarning filiallari samarali faoliyat yuritmoqda. Bu yil ta’lim mutaxassisliklarini mehnat bozoridagi kasblarga bo‘lgan talab va ehtiyojni inobatga olgan holda optimallashtirishga katta e’tibor qaratildi. Ayni paytda joriy yilda abituriyentlar uchun ilk marta «avval test, keyin tanlov» tamoyili asosida test-imtihon jarayonlariga yondashishga kirishildi. Bu esa yoshlarning o‘z iqtidoriga mos yo‘nalish bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarini to‘g‘ri tanlashida qo‘shimcha qulayliklar yaratishi shubhasiz.  

Barcha joylarda bo‘lgani kabi «O‘zekspomarkaz» majmuasida ham yoshlarning test sinovlarini topshirishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Majmuadagi zallarda test sinovlari belgilangan talab va qoidalarga mos tarzda boshlandi.  

– Bu yil test sinovlari 14 iyuldan boshlandi, – dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi direktorining maslahatchisi Zohidjon Shakarov. – Toshkentda jami 8 ta binoda test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Undan oltitasi «O‘zekspomarkaz» majmuasida, 7-bino «Yoshlik» sport majmuasida, 8-bino esa Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti sport zalida bo‘ldi. Respublika bo‘yicha bir smenada 35-40 ming abituriyent test sinovlarida ishtirok etadi. Mamlakat bo‘yicha jami 805 ming 688 nafar abituriyentga test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berildi. Testlar yakunlangach, abituriyentlarga beshta oliy o‘quv yurti orasida muayyan OTMni tanlashi uchun 15 kunga muddat beriladi.  

… Test sinovlari tartibli kechdi. Bu yerda imkoniyati cheklangan yoshlarning bilimlarini sinovdan o‘tkazishi uchun ham yetarli sharoitlar yaratilgani diqqatga sazovordir. Sinovlar boshlanishidan yarim soat o‘tar-o‘tmas ayrim abituriyentlar test topshirib chiqayotganining guvohi bo‘lish mumkin edi.  

Aliya Eshmirzayeva testni barvaqt ishlagan yoshlardan biri edi. Uning aytishicha, u poytaxtimizdagi 220-maktabni bu yil tamomlagan.  

– Testlarni qiynalmasdan ishladim, – dedi Aliya Eshmirzayeva. – Ehtimol, qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlarga qatnaganim testlarni tez ishlashda katta yordam bo‘lgandir. Yana ham bilmadim. Kelgusida agar ballarim yetsa, Toshkent arxitektura va qurilish universitetida o‘qishni niyat qilganman.  

Alijon Meliyev Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 21-umumta’lim maktabni o‘tgan yili tamomlagan ekan.  

– O‘tgan yili yetarli ball to‘play olmagandim, – dedi Alijon Meliyev. – Bu yil yana omadimni sinab ko‘rmoqchiman. Imtihonlar tartibli o‘tdi. Matematika, turk tili, ona tili fanlaridan test ishladim. 

Alijondan agar bali yetsa qaysi oliy o‘quv yurtini tanlashini so‘raganimizda, «vaziyatga qaraymanda», degan javobni oldik.  

– Toshkent davlat transport universiteti qoshidagi akademik litseyni o‘tgan yili tamomlagandim, – dedi Sitora Xayrullayeva. – Moliya-iqtisod yo‘nalishida oliy ta’lim olishni xohlayman. Keyingi yillarda aynan shu sohalar bo‘yicha yoshlarning oliy ta’lim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Test jarayoniga tayyorgarlik ko‘rdim, lekin hayajondanmi, ularni ba’zan taxminan belgilagan lahzalarim ham bo‘ldi…  

– Testlarni qiynalmasdan ishladim, – dedi Muhammadjon Abdurahmonov. – Yoshlarning universitetlarga kirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Balki, mening ham omadim kelib qolar…

Test sinovlarining dastlabki jarayoni muvaffaqiyatli o‘tdi. Biz esa bilimi puxta, o‘ziga ishongan, imtihon jarayoniga halol, sidqidildan yondashgan yoshlarga omad tilab qolamiz.  

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA