Toshkent Fotosuratlar uyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti, rassom Chori Bekmirovning “Ko‘ngildan bir lavha” nomli shaxsiy rangtasvir ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizning janubiy hududlaridan biri — Qashqadaryo vohasida tug‘ilib o‘sgan taniqli ijodkor Chori Bekmirov asarlarida milliy an’analar bilan zamonaviy ifoda uslubi uyg‘unlashib, tabiat manzaralari, inson va muhit munosabati estetik jihatdan yangi talqinda namoyon bo‘ladi.
Rassomning ijodiy izlanishlari hozirgi o‘zbek tasviriy san’atida tabiat va inson munosabatlarining badiiy talqinini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.
[gallery-25887]
Uning rangtasvirdagi ijodi ham bir necha janrlarda bajarilgan bo‘lib, bular tarixiy, maishiy, portret, manzara, natyurmortlardan iborat. Asarlarning janri turli bo‘lsada har biriga individual yondashuvni kuzatish mumkin.
Yaratilgan asarlar juda ko‘p, ammo ularning o‘ziga xosligi aynan rassom dastxatini bir qarashdayoq ajrata olish va ilg‘ay olishida.
Rassom rangtasvirda asosan manzaralar yaratadi. Manzaralar esa bepoyon kengliklarni o‘ziga qamrab oladi va tomoshabinga o‘ziga xos dastxat orqali yetkazishga intiladi.
Uning asar yaratishdagi yana bir xislati borki, u odatda manzara qo‘yniga albatta, inson obrazini tasvirlashga intiladi. Ijodkor tabiat va insonni birga, ya’ni tabiat qo‘ynida uning ajralmas bir qismi sifatida tasvirlashni xush ko‘radi.
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev(surat), O‘zA