Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi 59 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 17 tasining ma’muriy binosi yangidan qurilmoqda. Hozirga qadar 7 ta mahallaning yangi binolari foydalanishga topshirildi, 10 tasida qurilish ishlari davom etmoqda.
«Dasht» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi zamonaviy qiyofa kasb etgan inshoot davlat-xususiy sheriklik asosida mahalliy tadbirkor Davronbek Mavlonov tashabbusi bilan qurildi. Mahalla idorasida barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, mahalla raisi, kotib, maslahatchilar, profilaktika inspektori, shuningdek yangi joriy etilayotgan hokimning mahalla bo‘yicha yordamchisi uchun alohida xonalar ajratilgan. Binoning ikkinchi qavatida tadbirkor tomonidan 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladigan tikuvchilik sexini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mahalla binosining tantanali foydalanishga topshirish tadbirida ishtirok etdi. Mahalla ahli bilan suhbatlashdi, ularni qiynayotgan masalalarni hal etish tadbirlari belgilandi.
Bu yerda hududni obodonlashtirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 3 ta yangi transformator 40 ta beton tayanchlar o‘rnatildi. 2 ta skvajina qazilib, 4 kilometr suv tarmog‘i tortildi. 3,5 kilometr ichki yo‘llar asfaltlanib, 2 kilometr yo‘lga shag‘al yotqizildi.
«Dasht» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi keyingi yillarda tomorqada issiqxona tashkil etib, limon yetishtirish borasida o‘ziga xos tajriba maktabini yaratmoqda. Ayni paytda mahallada mingdan ortiq xonadonning qariyb 600 tasidagi issiqxonada limon parvarishlanmoqda. Tomorqa yerlarida dehqonchilik qilish noqulay, sug‘orish tizimida muammolar bo‘lishiga qaramay, mahalla ahli limondan katta hosil olishga erishmoqda.
–Ichki ishlar sohasida ishlab, nafaqaga chiqqanimdan so‘ng tomorqamizda issiqxona tashkil etdim, – deydi shu mahallada yashovchi Hasanboy Ergashev. – Bir sotix maydonda to‘la hosilga kirgan limondan yiliga 1,5 tonnagacha hosil olish mumkin. Shu yilning o‘zida 3 sotix maydondagi limondan deyarli 70 million so‘m daromad oldim. Mahallaga tashrif buyurgan viloyat hokimi aholini qiynab kelayotgan sug‘orish tizimini yaxshilash uchun 4 ta yangi suv qudug‘i qazib berilishini ta’kidlab, burg‘ulash xarajatlari uchun davlat tomonidan subsidiya ajratilishini ma’lum qildi.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov olgan (surat), O‘zA