Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daryodil shoir yodi
12:33 / 2023-02-22

Shoir Azim Suyun she’riyati sodda va ravon, xalqchil tili, milliy ruhi va dardli ohangi bilan jozibador. Shu sababli uning ijodi muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinadi. Adabiyotshunos tadqiqotchilar tomonidan hamon o‘rganilmoqda.

Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyati Nurota tog‘lari etagidagi mo‘’jaz qishloqda tug‘ilgan.  

U Nakurt qishlog‘ida Suyun bobosi tarbiyasida o‘sib, ulg‘aydi. Bo‘lajak shoir bolaligidan tabiat go‘zalliklariga oshno bo‘ldi. Bu esa kelgusida uning betakror she’riyatida o‘zining yorqin ifodasini topdi.  

Harbiy xizmatdan qaytgach, Azim Suyun Toshkent Davlat dorilfununi –hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi. Keyinchalik G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «Xalq so‘zi», «O‘zbekiston ovozi» gazetalarida mehnat qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo‘ldi.  

Adabiyotshunoslarning fikricha, tug‘ilib o‘sgan yurtiga, xalqiga, odamlarga, ona-tabiatga cheksiz muhabbati shoir she’rlarida yarq etib ko‘zga tashlanadi.  

Uning she’rlari, she’riy turkumlari, xalqona dostonlari turk, ingliz, arab, rus, qozoq, tojik, qirg‘iz, turkman, qoraqalpoq va boshqa tillarda chop etilgan.  

«Mening osmonim», «Zarb», «Zamin taqdiri», «Xayolot», «Ziyo yo‘li», «Olis tonglar», «Kuyganim – suyganim», «Qora ko‘zing sening», «Sarbadorlar» nomli hamda "Saylanma" to‘plamlari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.  

Xassos shoir shuningdek, 1992 yil Turkiya Yozuvchilar birligining diplomi bilan ham taqdirlangan edi.  

Shoirning 1999 yilda nashr etilgan «O‘zlik» kitobida turli yillarda yozilgan maqolalar, suhbatlar, she’rlar, hikoyalar va tarjimalar o‘rin olgani bilan ahamiyatlidir.  

Aksariyat shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, jurnalistlar Azim Suyunning o‘z yurtiga, milliy o‘zligimizga, adabiyotimizga sodiq daryodil inson bo‘lganini e’tirof etadi. Ana shunday olijanob fazilatlari bilan atoqli shoir xotirasi qadrlanadi. Ustoz shoirning ijodi yosh qalamkashlar uchun ibrat maktabidir.  

Shoir tavallud topgan kun munosabati bilan Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Azim Suyun ijodiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, she’riyat kechalari, adabiy kechalar, ijodiy muloqotlar tashkil etilmoqda.  

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri