Halima Xudoyberdiyeva – o‘zbek adabiyotining taniqli va ardoqli vakilasi. Uning she’rlari nafaqat o‘z davrining haqiqiy ovozi, balki kelajak avlod uchun ruhiy-ma’naviy tarbiya maktabidir.
Agar shoira hayot bo‘lganida, 78 yoshni qarshi olgan bo‘lardi. Ammo u hayotdan ketgan bo‘lsa-da, uning qalami mahsuli – she’rlari yuraklarimizda yashamoqda.
Sirdaryo viloyatidagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida shoiraning tavallud kuniga bag‘ishlangan xotira tadbiri o‘tkazildi. Unda shoiraning yaqinlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, adabiyot va san’at namoyondalari, mazkur maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, shoiraning shogirdlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Mehmonlarni ijod maktabi direktori, senator Pokiza Ahmedjonova kutib oldi. Shundan so‘ng shoiraning haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Ijod maktabida tashkil etilgan fotoko‘rgazma, “Jadidlar burchagi” va shoiraning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirning asosiy qismi viloyat musiqali drama teatrida davom etdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoira Farida Afro‘z o‘z nutqida Halima Xudoyberdiyevaning boy ijodi, adabiyotga qo‘shgan ulkan hissasi haqida gapirib, uning she’rlari xalq qalbida mustahkam o‘rin egallaganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng adabiyotshunos olim, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi Abdunabi Boyqo‘ziyev hamda shoiraning shogirdi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi Guljamol Asqarova shoira bilan birga ishlagan paytlaridagi xotiralari haqida gapirishdi.
[gallery-23419]
Tadbir davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova va boshqa taniqli ijodkorlar shoiraning she’rlari asosidagi qo‘shiqlarni jonli ijro etdilar. Shuningdek, ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan “Nodira” spektakli namoyish etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri